Namangan viloyati hududiy filiali tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish sari dadil qadamlar

Namangan viloyati hududiy filiali tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish sari dadil qadamlar #GSBE #GraduateSchool #Study #Entrepreneurship

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Namangan viloyati hududiy filiali tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Tadbirkorlik va biznes asoslari” qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya bo‘limi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Namangan viloyati hududiy filiali o‘rtasidagi hamkorlik doirasida viloyat hududlari bo`ylab qisqa muddatli o`quv kurslari tashkil etildi. 

To‘raqo‘rg‘on tumani IIB Probatsiya nazorati ostidagi yoshlarni jamiyatga moslashtirish, ularni bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida 2026 yilning 16-20 fevral sanalarida “Tadbirkorlik va biznes asoslari” o‘quv dasturi asosida mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Mazkur o‘quv kurslari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar va faoliyat yo‘nalishlari asosida o‘tkazildi. Kurs davomida kambag‘allikni qisqartirish, “mahallabay” ishlash tizimi, ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlarga berilayotgan soliq imtiyozlari, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlarini aniqlash va ishga solish masalalari yoritildi.

Shuningdek, aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit va subsidiyalar olishga ko‘maklashish, “E-Auksion” savdo platformasi orqali mahallalardagi bo‘sh bino va yer maydonlarini belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga ajratish bo‘yicha tegishli ma’lumotlar berildi. Unda yoshlarning qiziqishi va layoqatidan kelib chiqib, turli kasb yo‘nalishlari bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Mashg‘ulot jarayonida ishtirokchilarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashning huquqiy asoslari, biznes reja tuzish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, kredit va imtiyozlardan to'g'ri foydalanish hamda o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha tushuntirildi.

Yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularni doimiy ish bilan ta’minlash, takroriy jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishlarini oldini olish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashi yuzasidan tushuntirishlar olib borildi.

Oʻquv kursini tamomlagan tinglovchilar bilim va koʻnikmalarini baholash uchun test tizimi orqali sinovdan oʻtkazildilar. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquv kurslari tinglovchilariga Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining sertifikatlari taqdim etildi.