Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari uchun o‘quv kurslari tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini ta’minlash uchun kadrlarning o‘zaro tajriba almashishi va zamonaviy ish uslublarini o‘rgatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 316-son qarori asosida joriy yilning 12-18 dekabr kunlari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Dastur davomida ishtirokchilar nafaqat amaliy bilimlar, balki hududlarni rivojlantirish va boshqaruv bo‘yicha tajriba almashdilar. Vazirlik va idora rahbarlari bilan uchrashuvlar, interaktiv mashg‘ulotlar va muhokamalar orqali hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari zamonaviy ish uslublari bilan tanishdi hamda hududdagi dolzarb masalalarni samarali hal etish yo‘llarini o‘rgandi.
Shuningdek, o‘quv seminarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri F. Xodjayev, Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri I. Tangriyev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Mirzayev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari M. Jurayev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari S. Boboqulov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari N. Fazilov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari A. Miraliyev, “E-auksion” platformasi direktori S. Murodov, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ direktori A. Maxamatov va Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Sh. Ibragimovalar ishtirok etishdi.
Jumladan tanlab olingan 40 ta tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ichidan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchisi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining birinchi o‘rinbosari A. Saidaliyev o‘quv kurslari yakuni bilan 17 dekabr kuni Yunusobod tumaniga hokim etib tayinlandi.
Tashkil qilingan darslar yuzasidan 16 dekabr kuni tinglovchilar uchun test sinovlari o‘tkazildi. Test sinovlarida o‘zlashtirish o‘rtacha 93,4 foizni tashkil qildi.
Joriy yilning 17-18 dekabr kunlarida yuqoridagi qaror ijrosi yuzasidan hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Dastur yakuniga ko‘ra ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.