Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida #GSBE #GraduateSchool #Visit #NationalLibrary

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tinglovchilari bilim va malakalarini oshirish, ilmiy-ma’rifiy resurslar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida tinglovchilar O‘zbekiston Milliy kutubxonasining tarixi, faoliyati, imkoniyatlari, xizmat turlari, boy kitob fondi hamda undan foydalanish qoidalari bilan tanishdilar. Shuningdek, kutubxonaning zamonaviy axborot-resurs markazlari, elektron kutubxona tizimi hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot olishdi.

Ekskursiya jarayonida Milliy kutubxonaning kitob muzeyi, ko‘rgazmalar maydoni, o‘quv xonalari, katalog va kartoteka bo‘limlari, elektron kataloglar hamda xorijiy va milliy dissertatsiyalar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan maxsus hududlar faoliyati bilan tanishishdi. Bundan tashqari, kutubxona xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyatlari haqida ham keng tushuntirishlar berildi.

Uchrashuv yakunida tinglovchilar tadbirkorlik, menejment, iqtisodiyot va innovatsiyalar yo‘nalishidagi adabiyotlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining doimiy foydalanuvchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishdi.

Tinglovchilar bunday ma’rifiy tashriflar ilmiy dunyoqarashni kengaytirish, mustaqil izlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda nazariy bilimlarni amaliy axborot manbalari bilan boyitishda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etishdi.