Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Uzbekneftgaz” AJ xodimlari korporativ boshqaruv bo‘yicha o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 18-martdagi SQ–102-V-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Uzbekneftgaz” AJning rahbarlik va boshqaruv salohiyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan “Korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” o‘quv kursida ishtirok etishdi.
Mazkur o‘quv kursi doirasida tinglovchilarga korporativ boshqaruvning ilg‘or xalqaro tamoyillari, kuzatuv kengashlarining asosiy vazifalari va mas’uliyati, strategik qarorlar qabul qilish mexanizmlari, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi. Mashg‘ulotlar davomida real misollar, interaktiv muhokamalar va amaliy keyslar asosida ishtirokchilarning boshqaruv ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor berildi.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga belgilangan tartibda sertifikatlar topshirildi. Ushbu o‘quv kursi xotin-qizlarning rahbarlik salohiyatini yanada rivojlantirish, ularning davlat ishtirokidagi korxonalar, jumladan, kuzatuv kengashlari faoliyatida samarali ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.