Yangiliklar
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida 19-fevral kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Antti Kartunen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yashil iqtisodiyotga o‘tish va uni rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi vakillari ham ishtirok etdilar.
Elchi Antti Kartunen YeXHT iqlim o‘zgarishi, ekologiya, suv va energiya resurslari taqchilligi, iqtisodiyot tarmoqlarida yashil texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq muammolarga juda katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori ofisi “Yashil iqtisodiyot” sohasida rahbar kadrlarning salohiyatini oshirish bo‘yicha Oliy biznes maktabiga loyihani amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani mazkur loyihani amalga oshirish yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Oliy biznes maktabi direktori o‘rinbosari M.Adilov qo‘shma loyihaning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish sohasida boshqaruv kadrlarining salohiyatini sezilarli darajada oshirishga imkon berishiga ishonch bildirdi.
Shu bilan birga, Oliy biznes maktabining o‘quv dasturlarini takomillashtirish va xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Bu jarayonga korporativ sektor va davlat boshqaruvi vakillari uchun ma’ruzalar hamda treninglar o‘tkazish maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham kiritildi.
Uchrashuv yakunida ta’lim sohasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan rejalarni amalga oshirish bo‘yicha faol muloqot va birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.