Yangiliklar
“Sanoat ishlab chiqarishda tejamkor boshqaruv tizimi (Lean Production System)” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Germaniyaning Senior Experten Service (SES) xizmati eksperti janob Uve Gordon bilan hamkorlikda zamonaviy tejamkor ishlab chiqarish usullari va instrumentlariga bag‘ishlangan intensiv o‘quv kursini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Dasturining maqsadi Lean yondashuvlarini joriy etayotgan va ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirishga intilayotgan sanoat korxonalari rahbarlari va mutaxassislarining kasbiy kompetensiyalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Uch kunlik kurs davomida ishtirokchilar quyidagi modullarni o‘rgandilar:
Lean: asoslar va tafakkur
Lean prinsiplari va falsafasi, Toyota Production System elementlari, Leanning an’anaviy yondashuvlardan farqi.
Amaliyotdan olingan sohaviy misollar
Bosch korxonalari tajribasi asosidagi muvaffaqiyatli Lean amaliyotlari va ularning metodologik yechimlari.
Lean instrumentlari va metodlari
PDCA sikli, RADAR metodi, 5S tizimi, shuningdek Bosch Production System elementlari.
Muammolarni hal etish usullari
8D metodologiyasi, Isikava diagrammasi, “5 Why” usuli, qiymat yaratish jarayoni xaritasi (VSM).
Guruh bilan amaliy ish
Lean Management bo‘yicha amaliy keysni jamoaviy hal etish, jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va yakuniy taqdimotlar.
O‘quv kursining yakunlanishida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Tadbir tasvirlari rasmiy galereyada joylashtirilgan.
Ushbu kursning o‘tkazilishi sanoatda tejamkor boshqaruv madaniyatini rivojlantirishga, shuningdek, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda SES ekspertlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga muhim hissa bo‘ldi.