Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida yetakchi venchur kompaniyalar va oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida startap loyihalar bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida mamlakatning yetakchi venchur kompaniyalari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida “Startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va moliyalashtirish” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning innovatsion g‘oyalarini loyihalar ko‘rinishida amalga oshirishga ko‘maklashish, ularda venchur moliyalashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va istiqbolli investorlar bilan muloqot maydoni yaratishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda mamlakatning to‘qqizta oliygohidan 70 ga yaqin talabalar ishtirok etdi. “Yoshlar Ventures”, “IT Park Ventures” va “United Ventures” kompaniyalari vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, startaplarni moliyalashtirish tartibi, hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonlari hamda mamlakatdagi venchur ekotizimining rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot berishdi.
Shuningdek, talabalar tomonidan bank, qurilish, ishlab chiqarish va ta’lim sohalaridagi 7 ta startap loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Jumladan:
• Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi — SkipLine (banklar uchun innovatsion navbat xizmati);
• Toshkent kimyo-texnologiya instituti — shisha tolali filtr;
• TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti — Plazion (havodagi gazlarni kamaytirish qurilmasi);
• Toshkent davlat agrar universiteti — Bionutra (tabiiy antiseptik mahsulot ishlab chiqarish);
• TATU — Economayzer D-XRU (avtomobil yoqilg‘i sarfini kamaytiruvchi qurilma);
• Toshkent arxitektura-qurilish universiteti — QURILISH360 (qurilishni raqamli boshqarish platformasi);
• Toshkent davlat tibbiyot universiteti — vizual elektron darslik loyihasi.
Venchur kompaniyalari ekspertlari taqdim etilgan loyihalarning ilmiy va texnologik yo‘nalishda ekanligini yuqori baholab, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar. Xususan, bozor tahlilini chuqurlashtirish, mahsulotlar haqida aniq ma’lumotlar tayyorlash va iqtisodiy hisob-kitoblarni to‘ldirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar startaplarni tashkil etish, investitsiya jalb qilish va venchur tuzilmalar bilan hamkorlik qilishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yosh tadbirkorlar uchun tajriba almashish va yangi aloqalar o‘rnatishda muhim maydoncha sifatida xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari bunday muloqotlarni kelgusida yanada keng qamrovda o‘tkazishga kelishib oldilar.