Yangiliklar
O‘zbekiston - Yaponiya "yashil" iqtisodiyot sari birgalikda qadam: istiqbolli "yashil" loyihalarning onlayn muhokamasi o‘tkazildi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va Yaponiyaning MDH mamlakatlari va Rossiya bilan savdoni rivojlantirish uyushmasi hamkorligida “O‘zbekiston – Yaponiya onlayn biznes muloqoti” bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlatning davlat tashkilotlari, bank-moliya tuzilmalari, sanoat va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi paytlarda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish hisobiga ekologiyaning yomonlashuvi muammolari milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda, bu esa iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, "yashil" iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rishni talab qiladi.
Bugungi kunda barqaror iqtisodiy rivojlanish dunyoning barcha mamlakatlaridan iqtisodiy subyektlarining atrof-muhitga ta’sirining zararli va halokatli omillarini bartaraf etish maqsadida "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rishni talab qilmoqda.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlar, resurs tejamkor zamonaviy hamda raqamli texnologiyalar, shuningdek, atrof-muhit va tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lgan holda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha eng so‘nggi ishlanmalar faol joriy etilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va 2030-yilgacha O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotga o‘tish va "yashil" o‘sishni ta’minlash strategiyasi kabi tasdiqlangan dasturiy hujjatlar asosida "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘liga qat’iy amal qilmoqda.
Yaponiya ham atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish asosida o‘z fuqarolari uchun munosib turmush sharoitlarini yaratgan holda mamlakatda "yashil" iqtisodiyotni barpo etishni jadal ilgari surayotgan va har tomonlama rivojlantirayotgan hamda hozirda yashayotgan va kelajak avlodlar uchun milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlayotgan davlatlar qatorida yuqori o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda mamlakatning "yashil" taraqqiyoti, ekologik siyosat yangicha mazmun kasb etib, Yaponiyaning barqaror rivojlanish strategiyasining eng muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston va Yaponiyaning "yashil" taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan samarali iqtisodiyotni barpo etish borasidagi intilishlari doirasida joriy yilning 11-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan Yaponiyaning MDH mamlakatlari va Rossiya bilan savdoni rivojlantirish uyushmasi bilan hamkorlikda davlat tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari, bank-moliya tuzilmalari, sanoat korxonalari, shuningdek, kichik va xususiy biznes subyektlari vakillari ishtirokida "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha "O‘zbekiston - Yaponiya onlayn biznes muloqoti" tashkil etildi.
Tadbirda Yaponiyaning "Sojitz Corporation," "Toyota Susho Corporation," "Nippon Steel Engineering Co., Ltd," "Fuji Electric Co., Ltd," "Mizuho Bank," "Mitsubishi Corporation," "Yokogawa Electric Corporation," "ITOCHU Corporation," "ATAGO Corporation," "Sansei Corporation" kabi 50 dan ortiq yetakchi kompaniyalari va mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi ko‘plab kompaniyalar ishtirok etdi.
Tadbirni Yaponiyaning MDH mamlakatlari va Rossiya bilan savdoni rivojlantirish uyushmasi ijrochi direktori janob Kioichi Suzuki kirish so‘zi bilan ochib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida "yashil" texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Yaponiya davlat tashkilotlari, sanoat kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari atrof-muhitni saqlash va atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishni ta’minlaydigan "yashil" texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda O‘zbekiston korxonalari va tashkilotlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktori o‘rinbosari M. Adilov biznes-muloqot ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan chiqib, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida "yashil" taraqqiyot sohasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadigan va "yashil" iqtisodiyot sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davlat tashkilotlari va mamlakatlarimiz biznes hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini ochadigan ushbu tadbirni tashkil etganligi uchun Yaponiyaning MDH mamlakatlari va Rossiya bilan savdoni rivojlantirish uyushmasi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbirda Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi departament direktori o‘rinbosari Yu.Nakayama ham so‘zga chiqib, Yaponiyaning uglerod neytralligiga erishish yo‘lidagi energetika siyosati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, Yaponiyaning Atrof-muhit masalalari bo‘yicha global markazi direktori o‘rinbosari T.Iida sanoat tarmoqlarining "yashil" rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan O‘zbekistonning investitsiya loyihalarida amalga oshirilayotgan "yashil" texnologiyalarga Yaponiya tashkilotlari investitsiyalarini jalb qilish sohasida O‘zbekiston bilan istiqbolli hamkorlik masalalari bo‘yicha taqdimot qildi.
O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi direktori T.Narziqulov O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirish va 2030-yilgacha "yashil" va inklyuziv o‘sishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar to‘g‘risida taqdimot qildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari R. G‘ulomov ofis faoliyati haqida so‘zlab, EXHT bilan hamkorlikda davlat organlari va kompaniyalarining "yashil" texnologiyalar va barqaror boshqaruv sohasidagi vakolatlarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyiha haqida ma’lumotlar taqdim etdi. Ushbu loyiha tematik treninglar, ekspert kuzatuvi va amaliy materiallarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, "yashil" moliyalashtirish va shaffof hisobot mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha ishchi sessiyalar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Tadbirda O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari "yashil" iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari to‘g‘risida taqdimot qildi.
Xususan, yapon ishbilarmonlar auditoriyasiga Samarqand viloyatida "yashil" texnologiyalar asosida zamonaviy shahar muhiti uchun aqlli bekatlar va o‘rindiqlar startap loyihasi, Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash asosida avtomobil yo‘llari uchun rezina plitalari va pol qoplamalarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyihalari taqdimoti qilindi.
"O‘zbiogaz" xususiy korxonasi direktori A. Temirov qishloq joylarda organik chiqindilarni qayta ishlash asosida aholi xonadonlari va fermerlar uchun biogaz ishlab chiqarish bo‘yicha kompaniya faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilgan loyihalar namoyish etildi.
Onlayn muloqot davomida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent davlat texnika universiteti yosh olimlarining sanoat ehtiyojlari uchun elektr mahsulotlarini qayta ishlash asosida kumush nanozarrachalarini olish bo‘yicha startap loyihalari hamda plastik chiqindilarni qayta ishlash asosida yo‘l qoplamalarini ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion ishlanmalari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Yaponiya biznes vakillari O‘zbekistonda "yashil" taraqqiyotni yaratishga qaratilgan ushbu innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berdilar, o‘zaro fikr almashildi va loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar yaqin kelajakda Yaponiyaning manfaatdor biznes kompaniyalari va tashkilotlari investitsiyalari ishtirokida O‘zbekistondagi "yashil" loyihalarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.