Kimyo sanoati korxonalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar o‘tkazildi

20-10-2026 | 107

Kimyo sanoati korxonalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Production #Efficiency

2026 yil 20 oktabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi “O‘zkimyosanoat” AJ bilan hamkorlikda “Kimyo sanoati korxonalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish” mavzusida seminar o‘tkazdi. Ushbu seminarda “O‘zkimyosanoat” AJ xodimlari va uning tasarrufidagi korxonalarning 60 ga yaqin mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mas’ul xodimi G‘.Usmanov ishtirok etib, sanoatni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni yangi texnologiyalar asosida qayta tashkil etish va raqamlashtirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, davlat darajasidagi choralar korxonalar ichidagi o‘zgarishlarni o‘z-o‘zidan ta’minlamasligini, ishlab chiqarish samaradorligiga erishish avvalo rahbariyat va xodimlarning sa’y-harakatlariga bog‘liqligi qayd etildi.

Shuningdek tadbirda xorijiy ekspert, texnika fanlari nomzodi, doktor Feliks Fremerey tejamkor boshqaruv vositalari asosida kimyo korxonalarida qiymat yaratish zanjirini shakllantirish bo‘yicha ma’ruza qildi. Xorijiy ekspert xomashyo qabul qilingandan tayyor mahsulot jo‘natilgungacha bo‘lgan jarayonni yaxlit zanjir sifatida tahlil qilish, unda qiymat yaratmaydigan bosqichlarni aniqlash va bartaraf etish yondashuvini ochib berdi.

Ko‘plab jarayonlari uzluksiz bo‘lgan kimyo ishlab chiqarishida bu yondashuv alohida ahamiyatga ega, chunki bitta bosqichdagi uskuna to‘xtashi, ortiqcha zaxira yoki energiya yo‘qotilishi butun tizimning samaradorligini pasaytiradi. Amaliy keyslar tahlili va muhokama davomida ishtirokchilar ushbu vositalarni o‘z korxonalarida qo‘llash masalalarini ko‘rib chiqdi.

Mavzuning dolzarbligi soha oldiga qo‘yilgan vazifalar bilan ham belgilanadi. Xususan, energiya va xomashyo sarfini kamaytirish, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga mahsulot tannarxini 10-15 foizga tushirish talab etilmoqda. Azotli o‘g‘itlar tannarxining 55 foizgacha qismi energiya xarajatlariga to‘g‘ri kelishini inobatga olganda, resurslarning har qanday isrofi raqobatbardoshlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Seminar ishtirokchilarga tejamkor boshqaruvning xalqaro tajribasini amaliy misollar asosida o‘rganish imkonini berdi. Ushbu tamoyillarni joriy etish kimyo korxonalarida tannarxni pasaytirish, resurslardan samarali foydalanish va raqobatbardoshlikni mustahkamlashning muhim omilidir. Bu esa soha oldiga qo‘yilgan vazifalarni nafaqat texnologik yangilanish, balki ishlab chiqarishni tashkil etish sifatini oshirish hisobiga ham bajarishga xizmat qiladi.