Yangiliklar
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar va hunarmandlarga elektron tijorat imkoniyatlari taqdim etildi
09-10-2026 | 18
Nukus shahri, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida “O‘zbekistonda elektron tijorat orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari” mavzusida mahalliy tadbirkorlarni elektron tijorat imkoniyatlaridan keng foydalanishga jalb etish, milliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish hamda kichik va o‘rta biznes subyektlarining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda 200 nafarga yaqin mahalliy tadbirkor, hunarmand, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etdi. Seminarda “Wildberries” xalqaro elektron tijorat platformasi hodimlari tomonidan Elektron tijorat platformaning avzalliklari va imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham tadbirkorlik sohasidagi faollik yildan yilga oshib bormoqda. Hududda 21,3 mingdan ortiq faol tadbirkorlik subyekti mavjud. Sanoat yo‘nalishida esa 3 mingga yaqin kichik tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Hunarmandlar soni esa 2600 taga yetgan, ularning mahsulotlarini elektron savdo platformalari orqali ichki va tashqi bozorlarga chiqarish hunarmandlar uchun yangi xaridorlarni topish, savdo hajmini oshirish va mahsulotlarini keng targ‘ib qilishda muhim imkoniyat yaratadi. Bu raqamlar hududda tadbirkorlik bilan bir qatorda raqamli iqtisodiyot va zamonaviy biznes xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Elektron tijoratning yana bir muhim jihati - logistika va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashish va saqlash xizmatlari sohasida 900 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgani ham elektron savdo infratuzilmasini rivojlantirish uchun muayyan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga elektron savdo platformalarida ishlashning amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, onlayn do‘kon ochish, mahsulotlarni elektron platformaga joylashtirish, mahsulot kartochkasini shakllantirish, xaridorlarni izlash va ular bilan muloqot qilish, buyurtmalarni qabul qilish va yetkazib berish, logistika hamda to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar taqdim etildi.
Seminarda kiyim-kechak, kosmetika va go‘zallik mahsulotlari, charm-poyabzal, sport tovarlari, hunarmandchilik buyumlari, taqinchoqlar, suvenirlar, bolalar o‘yinchoqlari, elektrotexnika jihozlari, quritilgan meva va ziravorlar, kanselyariya mahsulotlari, avtomobil aksessuarlari, uy jihozlari, plastmassa va rezina buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun elektron savdoni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan hududlarda ushbu yo‘nalishda amaliy seminarlarni tashkil etishdan asosiy maqsad ham tadbirkorlarni elektron tijorat vositalaridan samarali foydalanishga o‘rgatish, ularning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va zamonaviy bozor talablariga moslashishiga ko‘maklashishdan iborat.
Amaliy seminar yakunida tadbirkorlar bilan keyingi bosqichda ishlash, elektron savdoga chiqishga tayyor subyektlarni saralash, ularning mahsulotlarini o‘rganish va marketpleyslarda savdoni boshlashda amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.