Yangiliklar
Xitoy biznes delegatsiyasi ishtirokida respublika hududlarida investitsiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
21-09-2026 | 24
O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investorlarni jalb etish vazifasi doirasida joriy yil 21-sentabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Xitoy aksiyadorlik tijorat kompaniyalari iqtisodiy qo‘mitasi hamkorligida Xitoy biznes delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Xorijiy delegatsiya Xitoydagi qurilish materiallari, tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi va biznes tadbirlar o‘tkazish sohasidagi yetakchi kompaniyalar vakillaridan iborat bo‘lib, O‘zbekistonda biznes yuritishga qiziqish bildirgan.
Xitoy aksiyadorlik tijorat kompaniyalarining iqtisodiy qo‘mitasi vakili Suy Yuxu xorijiy delegatsiyaning tashrifdan asosiy maqsadi O‘zbekistonning hududlaridagi investitsion va sanoat salohiyati bilan yaqindan tanishish, mahalliy tadbirkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda respublikamiz hududlarida o‘zbek kompaniyalari bilan istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat ekanligini ma’lum qildi.
Uchrashuvda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyati, kichik va o‘rta biznes vakillarining tadbirkorlik bilim va professional kasbiy mahoratlarini oshirish hamda aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Xitoylik investorlar e’tiboriga Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan respublikamiz hududlarining investitsion salohiyati, jumladan, Farg‘ona viloyati misolida hududning investitsion imkoniyatlari va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida taqdimot qilindi. Xususan, delegatsiya a’zolari Farg‘ona viloyatining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari hamda meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Uchrashuvda qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, to‘liq siklli agroklasterlarni yaratish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Xitoy kompaniyalarining mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish bo‘yicha turli ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xitoy delegatsiyasi O‘zbekiston korxonalari bilan ishbilarmonlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘ygan holda mahalliy va tashqi bozorlar uchun mo‘ljallangan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliy xomashyo bazasida tashkil etishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston hududlarida qo‘shma biznes loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasida ishbilarmonlik tashriflarini yanada faollashtirishga kelishib oldilar.