Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va KOICA o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida direktorning birinchi o‘rinbosari Sh. Sharaxmetov hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Oliy biznes maktabi bilan KOICA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda Koreya Respublikasi bilan ta’lim va ekspertlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar xalqaro tajriba almashinuvi, zamonaviy boshqaruv va o‘quv yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha fikr almashdilar.
Ma’lumot o‘rnida, KOICA ko‘magida hozirda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida professor Xvang Ug Sun ekspert-maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning ishtiroki muassasaning boshqaruv tizimini takomillashtirish, xalqaro tajribani tatbiq etish hamda zamonaviy ta’lim metodlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish va qo‘shma ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar KOICA dasturlari doirasida Oliy biznes maktabining boshqaruv va akademik salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.