Samarqand viloyati tadbirkorlari uchun elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi

10-09-2026 | 26

Samarqand viloyati tadbirkorlari uchun elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi

#GSBE #GraduateSchool  #Ecommerce #Study

2026-yil 10-sentyabr kuni Samarqand shahrida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Samarqand viloyati hokimligi va “Wildberries” elektron savdo platformasi hamkorligida viloyat tadbirkorlari uchun amaliy seminar o‘tkazildi.

Samarqand viloyati respublikaning yirik ishlab chiqarish markazlaridan biridir. 2026-yilning birinchi yarmida viloyatda 32,7 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lib, oziq-ovqat, elektrotexnika, to‘qimachilik, plastmassa, kimyo sanoati yaxshi rivojlangan. 

To‘qimachilik, kiyim-kechak, plastmassa buyumlari, quritilgan meva va hunarmandchilik mahsulotlari viloyatning an’anaviy kuchli yo‘nalishlaridir hamda 2000 dan ortiq hunarmandlar faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda viloyat eksporti 1,2 mlrd dollarga yetdi.

Shu bilan birga, ushbu mahsulotlarning katta qismi hamon an’anaviy yo‘l bilan, ko‘p hollarda vositachilar orqali sotilmoqda. Ishlab chiqaruvchi o‘z xaridorini ko‘rmaydi, narxni o‘zi belgilamaydi va haqiqiy talabni bilmaydi. Elektron tijorat bu zanjirni qisqartiradi. Seminarda aynan shu masalalarga alohida to‘xtab o‘tildi. Elektron tijorat Samarqandda tikilgan kiyim, Urgut so‘zanasi, Bulung‘ur mayizi yoki mahalliy hunarmandlik mahsulotlari uchun xaridor nafaqat viloyat bozorida, balki O‘zbekistonning barcha hududlarida va xorijiy bozorlarida ham sotish imkonini beradi.

Xalqaro tajriba elektron tijorat samaradorligini tasdiqlaydi. Xususan, Turkiyada 2025-yilda mamlakatda 634 mingdan ortiq korxona elektron tijorat bilan shug‘ullangan bo‘lib va ulardan 75 foizi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. Elektron tijoratning umumiy savdodagi ulushi 19,3 foizga, yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 6,9 foizga yetgan. Shuningdek, Rossiyada 2025-yilda onlayn-savdo hajmi, bir yilda 28 foizga o‘sib, va chakana savdoning 18,8 foizini tashkil etgan. Bunda eng ko‘p sotilgan tovarlar orasida kiyim-kechak, poyabzal va uy-ro‘zg‘or buyumlari turadi. Qozog‘istonda esa 2025-yilda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 14,3 foizni tashkil etgan va onlayn savdoning 86 foizi marketpleyslar orqali amalga oshirilgan. 

Bugungi kunda  respublikamiz mahalla va tuman darajasida har bir oilaning daromad manbai aniq belgilanayotgan, oilaviy tadbirkorlik va yoshlar biznesi uchun moliyaviy ko‘mak kengaytirilayotgan sharoitda elektron tijorat ayollar, yoshlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun do‘kon ijarasi va katta dastlabki kapital talab qilmaydigan samarali dastaklardan biri hisoblanadi. 

Seminar ochiq muloqot va amaliy mashg‘ulot shaklida o‘tkazildi. “Wildberries” mutaxassislari ishtirokchilarga platformada sotuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, mahsulotni xaridor e’tiborini tortadigan tarzda taqdim etish, tovarni platforma omboriga topshirish yoki o‘z omboridan jo‘natish tartibi hamda sotuv natijalarini tahlil qilib, assortimentni to‘g‘ri tanlash masalalarini aniq misollarda ko‘rsatib berildi.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini elektron platformada sotish bo‘yicha qiziqtirgan savollariga javoblar berildi va elektron platformada savdoni boshlash masalalarida ilk qadamlarni boshlash tushuntirildi.

Mazkur seminar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining respublika hududlarida elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli ishining davomi bo‘lib, shu yilning o‘zida mazkur seminarlar Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida mahalliy tadbirkorlar uchun tashkil etildi.