Yangiliklar
Elektron tijoratni rivojlantirish istiqbollari respublikaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari ishtirokida muhokama qilindi
21-08-2026 | 382
2026-yil 21-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Wildberries” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda elektron tijorat orqali kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari. Wildberries elektron savdo platformasi misolida” mavzusida amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda respublikaning 14 ta yetakchi ilmiy-tadqiqot markazi va oliy taʼlim muassasasidan 25 nafardan ortiq ilmiy xodim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Seminardan koʻzlangan maqsad – zamonaviy elektron platformalarni joriy etish asosida tadbirkorlikni rivojlantirish, ichki va tashqi bozorlarda mahalliy tovarlarning elektron savdosini kengaytirish, mahalliy tadbirkorlarga oʻz mahsulotlarini xorijda sotish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, kichik biznes subyektlarining eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, kichik va oʻrta biznes korxonalarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish uchun zamonaviy biznes yuritish vositalarini joriy etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishdan iborat boʻldi.
Seminar davomida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakili Gʻ. Sh. Usmonov platforma iqtisodiyotini rivojlantirish, uning tadbirkorlik sohasiga taʼsiri hamda kichik biznes subyektlari uchun imkoniyatlarni kengaytirishga bagʻishlangan taqdimot qildi.
Maʼruzada elektron tijorat global miqyosda anʼanaviy biznes yuritish modellarini sezilarli darajada oʻzgartirgani qayd etildi. Elektron savdo platformalarining rivojlanishi yangi biznes-modellarining shakllanishiga hamda yetkazib beruvchilar, ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning zamonaviy arxitekturasini yaratishga yordam berdi. Bunda elektron platformalar orqali tovar va xizmatlarni xarid qiladigan isteʼmolchi yangi raqamli biznes muhitining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylanmoqda.