Yangiliklar
Sirdaryoda tadbirkorlarga elektron tijorat imkoniyatlari taqdim etildi
18-08-2026 | 471
Joriy yilning 18 avgust kuni Guliston shahrida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda “Wildberries” xalqaro elektron tijorat platformasi hamkorligida “O‘zbekistonda elektron tijorat orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi
Mazkur seminardan maqsad mahalliy tadbirkorlarni elektron tijorat vositalaridan samarali foydalanishga o‘rgatish, milliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish hamda kichik va o‘rta biznes subyektlarining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va biznes subyektlarining zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham tadbirkorlik sohasidagi faollik yildan-yilga oshib bormoqda. Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, hududda 10,6 mingdan ortiq faol tadbirkorlik subyekti mavjud. Sanoat yo‘nalishida esa 2,7 mingga yaqin kichik tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.
Sirdaryoda ishlab chiqarilayotgan sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, hunarmandchilik va boshqa mahsulotlarni elektron savdo platformalari orqali keng iste’molchilarga taklif etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali mahalliy tadbirkorlar nafaqat viloyat va respublika bozorida, balki xorijiy xaridorlar orasida ham o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga elektron savdo platformalarida ishlashning amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, onlayn do‘kon ochish, mahsulotlarni elektron platformaga joylashtirish, mahsulot kartochkasini shakllantirish, xaridorlarni izlash va ular bilan muloqot qilish, buyurtmalarni qabul qilish va yetkazib berish, logistika hamda to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar taqdim etildi.
Elektron tijoratning asosiy iqtisodiy samarasi — mahsulotdagi qo‘shilgan qiymatning oshishidir. Xom ashyo yoki yarim tayyor mahsulotni ulgurji topshirayotgan tadbirkor qiymat zanjirining quyi bo‘g‘inida qoladi. Tayyor, sifatli o‘ralgan, nomlangan va bevosita iste’molchiga yetkazilgan mahsulot esa bir necha barobar yuqori qiymat keltiradi.
Seminarda elektron do‘kon tashkil etishdan tortib, mahsulotni joylashtirish, buyurtmalarni qabul qilish, logistika va to‘lov jarayonlarini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan bosqichlar amaliy misollar asosida tushuntirildi.
Mazkur tadbir Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi hamda biznes subyektlarining zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning Sirdaryo viloyatidagi amaliy ifodalaridan biri bo‘ldi.
Elektron tijoratning yana bir muhim jihati - logistika va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishdir. Sirdaryoda tashish va saqlash xizmatlari sohasida 600 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgani ham elektron savdo infratuzilmasini rivojlantirish uchun muayyan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Elektron tijorat platformalarning savdosi Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 500 ga yaqin hunarmandlarning mahsulotlarini elektron savdo platformalari orqali ichki va tashqi bozorlarga sotish, yangi xaridorlarni topish, savdo hajmini oshirish hamda mahsulotlarini keng targ‘ib qilishda yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, mazkur seminar nafaqat tadbirkorlarga elektron savdo platformalarida ishlashni o‘rgatish, balki hududda ishlab chiqarish, savdo, logistika va raqamli xizmatlarni o‘zaro bog‘lagan holda yangi biznes ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi.