Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish istiqbollari

18-08-2026 | 119

Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish istiqbollari

#GSBE #GraduateSchool  #AI #DigitalTechnologies

17-avgust kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Jahon banki ekspertlari ishtirokida seminar bo’lib o’tdi. Unda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari hamda mamlakatning sun’iy intellekt modellarini o‘qitish bo‘yicha global infratuzilmaga integratsiyalashuvi yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalari taqdim etildi. Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda vazirlik va idoralar, IT-kompaniyalar va tadqiqot tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.

Jahon bankining raqamlashtirish bo‘yicha yetakchi eksperti L. Bujoryanu Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning joriy holati hamda rivojlanish istiqbollariga oid analitik sharhni taqdim etdi. Unda mintaqaviy SI-ekotizimni shakllantirish bo‘yicha faol chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratildi. IT-sektor va eksport ko‘rsatkichlarining jadal o‘sishiga qaramay, sun’iy intellektni joriy etish darajasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar bilan mavjud tafovut, shuningdek raqamli ko‘nikmalar taqchilligi qayd etildi.

Asosiy etibor Jahon bankining O‘zbekistondagi strategik tashabbuslari va loyihalariga, xususan, Digital_Inclusion loyihasiga qaratildi. Mazkur loyiha infratuzilmani rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy ko‘nikmalarga (sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, chet tillari) o‘qitish, shuningdek IT-kompaniyalarni jalb etish orqali hududlarda inklyuziv ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilgan. Ekspert, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining SI-startaplarni masshtablashtirish, hisoblash quvvatlariga investitsiya kiritish va 2030 yilga qadar millionlab “SI-yetakchilar”ni tayyorlash bo‘yicha ulkan maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan milliy strategiyalari qiyosiy tahlili natijalarini keltirdi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh iqtisodchi boshqarmasi yetakchi iqtisodchisi Mixail Lokshin sun’iy intellektning hisoblash xizmatlari savdosiga oid yangi iqtisodiy model (FLOP) asosida o‘tkazilgan tahlil natijalarini bayon etdi. Mazkur tahlilda ma’lumotlar markazlari elektr energiyasi va uskunalarni yuqori texnologiyali raqamli eksportga aylantiruvchi ishlab chiqarish korxonalari sifatida qaraladi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, bunday ma’lumotlar markazlarida xarajatlarning asosiy moddasi elektr energiyasi qiymati (u tannarxda atigi 12–20 foizni tashkil etadi) emas, balki uskunalar xaridi (tannarxning taxminan 90 foizi) hisoblanadi.

Shu bilan birga, ekspert energiya resurslarining yuqori narxi rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti uchun asosiy to‘siq emasligini ta’kidladi. Eng muhim omillar sifatida institutsional kafolatlar, huquqiy bashoratlilik va geosiyosiy xatarlar ko‘rsatildi. Iqtisodiyotda bashorat qilinadigan huquqiy muhitning mavjud emasligi, arbitraj mustaqilligi va shartnomalar daxlsizligi tamoyillarining buzilishi, shuningdek yuqori geosiyosiy xatarlar u yoki bu resurslarga egalikdan kelib chiqadigan har qanday raqobat ustunliklarini butunlay qadrsizlantirishi hamda uzoq muddatli xususiy kapitalni jalb etishni cheklab qo‘yishi mumkin.