Wildberries elektron savdo platformasi bilan hamkorlikda elektron tijorat bo‘yicha Biznes akselerator qizg‘in davom etmoqda

14-08-2026 | 81

Wildberries elektron savdo platformasi bilan hamkorlikda elektron tijorat bo‘yicha Biznes akselerator qizg‘in davom etmoqda

#GSBE #GraduateSchool #Seminar #Ecommerce #Entrepreneurship

Respublikamiz mahalliy tadbirkorlari uchun Wildberries elektron savdo platformasi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda elektron tijorat sohasida mazkur elektron platforma orqali O‘zbekiston tadbirkorlarining mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda savdosini tashkil etish borasida joriy yil 1–31 avgust davomida bepul Biznes akselerator ishga tushirildi.

Mazkur Biznes akselerator doirasida har kuni Wildberries elektron savdo platformasining yetakchi ekspertlari va savdolarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan kompaniyalar vakillari ishtirokida O‘zbekiston tadbirkorlari va mahalliy kompaniyalari menejerlari uchun elektron tijorat orqali mahsulotlar savdosini amalga oshirishning samarali dastaklari va usullari to‘g‘risida onlayn formatda taqdimot va ma’ruzalar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, 13 avgust kuni Biznes akseleratorning amaliy sessiyasida “Sotiladigan mahsulotlarni elektron platformada kartochkasini yaratish arxitekturasi” mavzusida Wildberries elektron savdo platformasining yetakchi eksperti M. Gandja tomonidan taqdimot qilindi. Bunda milliy mahsulotlarimiz to‘g‘risida elektron platformada tovar kartochkasini yaratishning o‘ziga xos jihatlari, tovar to‘g‘risida ma’lumotlarning berilishi, uni komplektatsiyasi, qadoqlanishi, kartochkani yaratishga talab va shartlar hamda xaridorlar uchun e’tibor beriladigan tomonlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shuningdek, sessiya davomida “Elektron platformada savdo qilishda sotuvchilarning valyuta xavf-xatarlari” mavzusida PRO WB kompaniyasining moliya direktori S. Bukreeva taqdimot qilib, elektron platformalar orqali savdo operatsiyalarini amalga oshirishda eksport qilinadigan davlatlarda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish shartlari alohida ko‘rib chiqildi.

Biznes akseleratorda elektron tijorat dastaklarini o‘rganayotgan mahalliy tadbirkorlarning elektron savdo platformalaridan foydalanishga qiziqishi ham ortmoqda. Namangan viloyatida tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchi “Nargiza Atelye” MChJ rahbari Sulaymonova Nargiza Wildberries biznes akseleratorida ishtirok etish orqali mahsulotlarni marketpleysda to‘g‘ri joylashtirish, kartochkalarni optimallashtirish va reklamani samarali yuritish borasida zarur ma’lumotlar olganligini ta’kidlab o‘tdi. Ayniqsa, logistika va omborxona xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha berilgan amaliy maslahatlar muhim bo‘lganiga e’tibor qaratib, kelgusida elektron do‘kon orqali sotuvlar hajmini keskin oshirishga harakat qilishini ma’lum qildi.

Buxorolik tadbirkor Zaripova Xurriyat “Zarif Zulfiya” oilaviy korxonasi asoschisi bo‘lib, sochiq, yotoqxona choyshablari, yostiq jildlar va boshqa tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Xurriyat Wildberries kompaniyasining Biznes akselerator dasturi doirasida mahsulotlarni onlayn sotish, reklama qilish va xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlari to‘g‘risida muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi. Tadbirkorning fikricha, elektron platformalar orqali savdo qilish milliy mahsulotlarimizni eksport bozorlariga olib chiqishda katta yordam beradi.

Samarqand viloyatida hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi Mustafaqulov Nuriddin elektron tijorat bo‘yicha mahalliy tadbirkorlar uchun tashkil etilgan Biznes akseleratorda ishtirok etishi o‘zi ishlab chiqaradigan suvenir mahsulotlari uchun yangi eksport bozorlariga chiqishda qulay imkoniyatlar yaratib berishini ta’kidlab, amaliy mashg‘ulotlarda Wildberries marketpleysi orqali suvenir va sovg‘a mahsulotlari savdosini tashkil etish, mahsulotlarni to‘g‘ri tanlash va joylashtirish, xaridorlar bilan ishlash, marketing hamda savdo hajmini oshirish bo‘yicha ko‘plab amaliy va foydali bilimlarga ega bo‘lganligini bildirdi.

Shu o‘rinda jahon iqtisodiyotining globallashuv sharoitida aynan zamonaviy savdo platformalaridan unumli foydalanayotgan Osiyo, Yevropa, Afrika qit’asidagi aksariyat rivojlanayotgan davlatlardagi kichik biznes korxonalari elektron tijorat orqali jahon eksport bozorlariga oson va kam xarajat sarflab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Biznes akselerator sessiyalarida ishtirok etayotgan mahalliy tadbirkorlarimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahalliy mahsulotlar uchun global bozorlarda xaridorlarni topish, yangi savdo sheriklariga ega bo‘lish hamda eksport salohiyatini oshirish turli elektron savdo platformalaridan samarali foydalanishga bog‘liq ekanligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.