Yangiliklar
Farg‘ona viloyati va Bekobod tumani xotin-qizlari ta’lim va sog‘lomlashtirish dasturida ishtirok etishdi
17-07-2026 | 41
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi 103-son qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturi doirasida ularning imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom etmoqda.
Dasturning navbatdagi bosqichi Bo‘stonliq tumanidagi «Livinston» sog‘lomlashtirish maskanida bo‘lib o‘tdi. Unda «Ayollar daftari»ga kiritilgan va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj Farg‘ona viloyati hamda Bekobod tumani xotin-qizlari ishtirok etishdi.
Dastur doirasida sog‘lomlashtirish muolajalari, ta’lim seminarlari va shaxsiy rivojlanishga qaratilgan treninglar tashkil etildi. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik asoslari, moliyaviy savodxonlik hamda o‘z biznes g‘oyalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, har bir ishtirokchiga Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyati, ta’lim dasturlari va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumot beruvchi axborot flayerlari tarqatildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar ishtirokchilarning yuqori faolligini alohida e’tirof etib, bunday tashabbuslar xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish, kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash hamda o‘zini ro‘yobga chiqarishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishini ta’kidladilar.