Yangiliklar
Navoiy viloyatida turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan seminar tashkil etildi
25-06-2026 | 73
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Navoiy viloyati hududiy filiali tomonidan hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda turizm sohasida yangi loyihalarni rag‘batlantirish maqsadida “Viloyatdagi turizmga moslashgan dam olish maskanlarini rivojlantirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda Navoiy viloyati Turizm boshqarmasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi, “E-auksion” AJ vakillari, tadbirkorlar hamda turizm sohasiga qiziqish bildirayotgan aholi vakillari ishtirok etishdi.
Seminar davomida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish va hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, turizm yo‘nalishidagi biznes loyihalarni samarali tashkil etish, investitsiyalarni jalb etish, xizmatlar sifatini oshirish hamda zamonaviy marketing vositalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan dam olish maskanlarini boshqarishning samarali usullari, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish, ekologik va oilaviy turizmni rivojlantirish istiqbollari hamda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Seminar ishtirokchilari hududning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan takliflarini bildirdilar. Tadbir yakunida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Bunday tadbirlar tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hududning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash va turizm sohasidagi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.