Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Buyuk Britaniyaning nufuzli “CPD Certification Service” tashkilotining rasmiy a’zosiga aylandi
24-06-2026 | 45
TOSHKENT, 2026-yil 24-iyun – Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi uzluksiz kasbiy ta’limni akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi Buyuk Britaniyaning mustaqil “The CPD Certification Service” tashkilotining rasmiy a’zosi sifatida e’tirof etildi.
“The CPD Certification Service” oʻttiz yildan buyon uzluksiz professional rivojlanish tamoyillari asosida ta’lim dasturlarini mustaqil ekspertizadan oʻtkazuvchi dunyodagi eng yirik va nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. Tashkilotning asosiy faoliyati oʻquv kurslari, seminar va treninglarning sifatini ekspertiza qilish va baholash, shuningdek, ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini aniqlashdan iboratdir. Jahon miqyosidagi yetakchi universitetlar uchun ushbu tuzilmaga a’zolik ta’lim dasturlarining global darajada tan olinishiga koʻmaklashish bilan bir qatorda, bitiruvchilarga xalqaro mehnat bozorida yuqori oʻringa ega boʻlgan professional uzluksiz ta’lim kreditlari hamda sertifikatlarini taqdim etish imkonini beradi.
Xususiy biznes va tadbirkorlikning barcha vakillari uchun ochiq hamda qulay muhitga ega boʻlgan ta’lim-ilm-fan ekotizimini shakllantirish Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishda, “The CPD Certification Service” tashkiloti bilan hamkorlik qilishdan koʻzlangan maqsad – yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha oʻquv jarayonini takomillashtirish hamda ta’lim jarayonining ilmiy-metodik ta’minoti sifatini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda oshirishdan iboratdir.
Shu munosabat bilan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga amaldagi va yangidan ishlab chiqilayotgan intensiv oʻquv modullarini xalqaro talab va standartlar asosida verifikatsiyadan oʻtkazish huquqi taqdim etiladi. Jumladan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv prinsiplari (ESG) hamda yashil iqtisodiyot kabi bugungi kunning eng dolzarb yoʻnalishlaridagi ixtisoslashtirilgan oʻquv dasturlari Buyuk Britaniya ekspertlari nazoratidan oʻtkazilib, tegishli muvofiqlik sertifikatlariga ega boʻladi.
“The CPD Certification Service” tashkilotiga a’zolik, shuningdek, Biznes oliy maktabining xorijiy hamkorlar bilan akademik hamkorligini kengaytirishga, xalqaro grantlarni jalb etishga hamda ilmiy-ma’rifiy loyihalarda faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.