Yangiliklar
Yashil ipak yo‘li: Pekingdan Toshkentga past uglerodli taraqqiyot saboqlari
24-06-2026 | 74
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining bir guruh jamoasi Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi qoshidagi Biznes rasmiylari xalqaro akademiyasi (International Academy for Business Officials - AIBO) tomonidan “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mamlakatlari uchun past uglerodli rivojlanish va uglerod neytralligiga erishish yo‘llari” mavzusida tashkil etilgan o‘quv seminar mashg‘ulotida ishtirok etib qaytishdi.
Jamoa a’zolarining ushbu o‘quv seminar mashg‘uloti davomida olgan taassurotlari bo‘yicha fikr-mulohazalari:
Ushbu o‘quv seminar mashg‘uloti biz uchun nafaqat o‘quv jarayoni, balki XXI asr taraqqiyotining yangi tilini — yashil iqtisodiyot, toza energiya, raqamli boshqaruv va uglerod mas’uliyati tilini bevosita his qilish maktabi bo‘ldi. Pekinning zamonaviy innovatsiya pavilyonlaridan Singdaoning SHHT namoyish zonasiga qadar, Sianing Terrakota armiyasi xotiralaridan quyosh texnologiyalari laboratoriyalarigacha bo‘lgan safar bir haqiqatni ko‘rsatdi: kelajakda raqobatbardosh iqtisodiyot faqat mahsulot ishlab chiqarish bilan emas, balki uni qanday energiyada, qanday ekologik iz bilan va qanday boshqaruv madaniyatida ishlab chiqarishi bilan baholanadi.
Xitoy modernizatsiyasi: raqamlar ortidagi tizimli fikrlash
Seminarning birinchi kunida Xitoy va uning modernizatsiya jarayonlariga umumiy sharh, Xitoy rahbarlarining boshqaruv konsepsiyasi va “yangi sifatdagi ishlab chiqarish kuchlari” g‘oyasi keng muhokama qilindi. Biz uchun eng muhim xulosa shu bo‘ldiki, Xitoyda modernizatsiya faqat yirik infratuzilma yoki baland binolar bilan o‘lchanmaydi. Uning tubida uzoq muddatli rejalashtirish, mahalliy hokimiyatlar, universitetlar, korxonalar va banklar o‘rtasidagi muvofiq harakat hamda har bir loyihaning iqtisodiy samarasi bilan birga ekologik oqibatini ham hisoblash madaniyati turibdi.
Xitoy Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 140,187.9 mlrd yuanni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 5,0 foizga o‘sgan. Shu yilda aholi soni 1,404.89 mln kishi bo‘lgan. Bu ko‘lamning o‘ziyoq iqtisodiy boshqaruvda har bir qaror qanchalik katta tizimga ta’sir qilishini ko‘rsatadi. Ammo bugun Xitoyning eng qiziqarli jihati faqat miqyos emas, balki ushbu miqyosni “yashil” maqsadlar bilan uyg‘unlashtirishga intilishidadir.
Rasmiy ma’lumotlarda 2025 yilda Xitoyda gidro, atom, shamol va quyosh kabi toza energiya manbalaridan 4 248,1 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani, bu 2024 yilga nisbatan 14,4 foizga ko‘p ekani qayd etilgan. Yil oxirida quyosh elektr generatsiyasi quvvati 1 201,73 mln kVtga, shamol quvvati esa 640,01 mln kVtga yetgan. Shuningdek, yangi energiya transport vositalari ishlab chiqarilishi 16,524 mln donani tashkil etib, 25,1 foizga o‘sgan. Bu raqamlar oddiy statistika emas, balki sanoat siyosati, ilmiy tadqiqot, ishlab chiqarish, moliya va tashqi savdoning bir-biriga bog‘langan zanjiridir.
Pekin innovatsiyalar maydoni:
27-Xitoy xalqaro ilmiy-texnologik sanoat innovatsiyalari ko‘rgazmasi
Seminar dasturi: nazariyadan maydon tajribasigacha
O‘quv seminar mavzulari keng qamrovli bo‘lib, unda Xitoyning SHHT mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorligi; Xitoy yashil iqtisodiyoti; kam uglerodli amaliyotlar va uglerod chiqindilarining eng yuqori cho‘qqisiga hamda uglerod neytralligiga erishish uchun sanoat parklarini rivojlantirish yo‘llari; yangi energiya ishlab chiqarish texnologiyalarining hozirgi holati va istiqbollari; fotoelektroenergiya sanoati; yashil rivojlanishda xalqaro hamkorlik; Global energiya interneti kabi mavzular qamrab olingan.
Ma’ruzalarni Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti, Xitoy atrof-muhit fanlari akademiyasining Toza ishlab chiqarish markazi, Markaziy Osiyo Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik instituti hamda Pekin universitetining yetakchi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari, shuningdek XXR Savdo vazirligining Yevropa va Osiyo departamenti, Global energiya internetini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashkilot va Xitoy energetika tadqiqotlari jamiyati qayta tiklanadigan energiya qo‘mitasi ekspertlari olib borishdi.
Seminarning kuchli tomoni shunda ediki, har bir nazariy mavzu maydon tajribasi bilan mustahkamlangan. Masalan, Pekinda 27-Xalqaro ilmiy-texnologik sanoat innovatsiyalari ko‘rgazmasiga tashrif buyurdik. Bu yerda robototexnika, aqlli ishlab chiqarish, temir yo‘l modellari, tibbiyot texnologiyalari va raqamli servislar bir vaqtning o‘zida namoyish qilindi. Ularning barchasini birlashtirib turgan umumiy chiziq — energiya samaradorligi, raqamlashtirish va bozorga tez chiqish qobiliyati edi.
Qingdaoda “SHHT durdonasi” xalqaro ko‘rgazma markazi, SHHT mahalliy savdo va iqtisodiy hamkorlik uchun integratsiyalashgan platformasi, tashqi savdo jarayonlari uchun “yagona oyna” faoliyati, SHHT atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish bo‘yicha innovatsion baza, uglerodni boshqarish xizmat ko‘rsatish markazi, yashil va kam uglerodli innovatsion texnologiyalar parki qurilishi, “Qingdao Daneng” MChJ korxonasi faoliyati, Qingdao yuqori texnologiyalarni rivojlantirish zonasi hamda “Daneng yangi energiya” MChJ korxonalari kabi obyektlar bilan tanishdik. Bu tashriflar “yashil iqtisodiyot” tushunchasi faqat ekologik shior emas, balki yer ajratishdan tortib, laboratoriya, soliq, eksport sertifikati va kadr tayyorlashgacha bo‘lgan butun boshqaruv tizimi ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Sindao sabog‘i: sanoat parki — bu oddiy maydon (yer) emas, ekotizim
O‘zbekistonda “sanoat parki” deganda ko‘pincha infratuzilma tayyor hudud, elektr-gaz-suv tarmoqlari va soliq imtiyozlari tushuniladi. Qingdao tajribasi esa bu tushunchani kengaytiradi: sanoat parki — bu “korxonalar joylashgan maydon” emas, balki texnologik xizmatlar, laboratoriya, ekologik monitoring, eksportga chiqish, bojxona “yagona oynasi”, bank-moliya, kadrlar tayyorlash va marketing birlashgan tirik ekotizimdir.
SHHT namoyish zonasidagi integratsiyalashgan platforma savdo-iqtisodiy hamkorlikni tezlashtirish uchun xizmat qiladi. Unda mahsulot haqida ma’lumot, hujjatlar, sertifikatlar, logistika va sherik izlash jarayonlari raqamli yechimlar bilan bog‘lanadi. Bu yerda “yagona oyna” tushunchasi idoralar o‘rtasidagi qo‘pol muvofiqlashtirish emas, balki tadbirkor uchun vaqt va xarajatni qisqartiruvchi raqamli infratuzilma sifatida ko‘rinadi.
Uglerodni boshqarish xizmat ko‘rsatish markazi esa bizda alohida taassurot qoldirdi. Bunday markazning vazifasi korxonalarga chiqindilarni o‘lchash, energiya sarfini tahlil qilish, mahsulotning uglerod izini hisoblash, ekologik standartlarga moslashish, yashil moliyaga chiqish va tashqi bozor talablariga tayyorlanishda yordam berishdir. Kelgusida Yevropa, Osiyo va boshqa bozorlarda ekologik talablar kuchaygani sari, bunday xizmatlar eksportchi korxona uchun buxgalteriya yoki bank xizmati kabi zarur bo‘lib boradi.
O‘zbekiston to‘qimachilik, qurilish materiallari, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika va avtomobilsozlik kabi tarmoqlari eksport salohiyatiga ega. Lekin eksportning yangi bosqichi mahsulot sifati bilan birga uning ishlab chiqarish jarayonidagi energiya manbai, suv sarfi, chiqindi aylanishi va uglerod hisobiga ham bog‘lanmoqda. Shu sababli Qingdao sabog‘i biz uchun amaliyotga yaqin: har bir yirik erkin iqtisodiy zona yoki sanoat parki qoshida karbon-xizmat, toza ishlab chiqarish va yashil sertifikatlash markazlari tashkil etish vaqti kelganini ko‘rsatadi.
Sian va Longi: tarix bilan texnologiyaning uchrashuvi
Sian shahriga safar seminarning ruhiy-tarixiy nuqtasi bo‘ldi. Terrakota harbiylari pavilyonida tarix bir lahzada jonlangandek tuyuladi: ming yillar avvalgi davlatchilik, harbiy tartib, hunarmandchilik va madaniy tasavvur bugungi Xitoyning modernizatsiya ruhi bilan suhbat qilayotgandek. Bu manzara bizga taraqqiyot faqat yangi zavod qurish emasligini, balki o‘z tarixiy xotirasini iqtisodiy kelajak bilan bog‘lay olish ekanini eslatdi.
“Longi Group” yashil energiya texnologiyasi kompaniyasi bilan tanishuv esa bugungi Xitoyning sanoat yuragi qayerda urayotganini ko‘rsatdi: quyosh panellari, fotoelektr modullar, laboratoriya, sifat nazorati, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish va global bozorga chiqish. Fotoelektr sanoatida muvaffaqiyat faqat panel yig‘ish bilan emas, kremniy xom ashyosi, shisha, invertor, saqlash tizimi, servis, moliyalashtirish va kafolatli ekspluatatsiyani qamrab olgan to‘liq qiymat zanjiri bilan ta’minlanadi.
O‘zbekiston quyoshli kunlar soni yuqori bo‘lgan mamlakat. Lekin quyosh resursining borligi avtomatik ravishda sanoat ustunligi degani emas. Ustunlik hosil qilish uchun quyosh energetikasi atrofida mahalliy xizmatlar bozori, montaj va servis kadrlari, akkumulyator va invertorlar bo‘yicha kooperatsiya, ta’lim dasturlari, moliyalashtirish mexanizmlari va energiya saqlash infratuzilmasi rivojlanishi shart. Longi tajribasi bizni aynan shu zanjirni o‘ylashga undaydi.
Xulosa: yashil iqtisodiyot — yangi taraqqiyot madaniyati
Xitoy safari davomida biz ko‘rgan eng katta manzara — baland binolar yoki keng ko‘chalar emas, balki reja, intizom va texnologiyaning bir maqsadga xizmat qilishi bo‘ldi. Pekinda innovatsiya ko‘rgazmasida robotlar va aqlli uskunalar, Qingdaoda SHHT platformasi va karbon xizmat markazi, Sian’da tarix va madaniyat, Longida quyosh texnologiyalari — bularning barchasi bir-biriga bog‘langanda “past uglerodli rivojlanish” degan atama jonlanadi.
O‘zbekiston uchun bu yo‘lning ahamiyati katta. Mamlakatimiz aholisi 38,2 milliondan oshgan, iqtisodiyot 2025 yilda 7,7 foizga o‘sgan, tashqi savdo 81,2 mlrd dollarga yetgan sharoitda energiyaga talab, sanoat modernizatsiyasi va ekologik barqarorlik masalalari bir-biridan ajralmas bo‘lib bormoqda. Yashil iqtisodiyotga o‘tish — bu faqat havoni toza saqlash emas; bu yangi ish o‘rinlari, eksportga chiqish, zamonaviy ta’lim, raqamli boshqaruv, yangi moliya va xalqimiz farovonligi masalasidir.
Shu ma’noda quyida keltirilgan takliflar olimlar sifatida jamiyatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan hissamizning amaliy ifodasidir. Ular Xitoy tajribasi tahlili va ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlik istiqbollaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakatimizda past uglerodli rivojlanishni jadallashtirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Har bir yirik sanoat zonasida «Karbon boshqaruvi va toza ishlab chiqarish markazi»ni tashkil etish. Bunday markazlar korxonalarga energiya auditi, uglerod izini hisoblash, chiqindilarni kamaytirish, yashil sertifikat va ekologik markirovka bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Toshkent viloyati, Navoiy, Jizzax, Angren, Qo‘qon va Buxoro sanoat zonalarida pilot loyihalarni boshlash mumkin.
«Yashil eksport pasporti» tizimini joriy qilish. Eksportchi korxona mahsulotiga energiya sarfi, suv sarfi, qayta ishlangan material ulushi, sertifikatlar va logistika izi bo‘yicha raqamli pasport shakllantirilsa, tashqi bozorlarda ishonch oshadi. Bu tizim to‘qimachilik, meva-sabzavot, qurilish materiallari va kimyo mahsulotlari uchun ayniqsa muhim.
SHHT doirasida «O‘zbekiston–Xitoy yashil sanoat laboratoriyasi»ni ochish. Universitetlar, sanoat korxonalari va texnologiya kompaniyalari ishtirokida qo‘shma laboratoriyalar barpo etish orqali quyosh, shamol, energiya saqlash, suv tejash, chiqindini qayta ishlash va karbon hisoboti bo‘yicha amaliy tadqiqotlar olib borish mumkin.
Singdao «yagona oyna» amaliyoti asosida eksport-bojxona servislarini yanada raqamlashtirish. Tadbirkor uchun sertifikat, bojxona, logistika, transport hujjatlari va to‘lovlarni yagona platformada birlashtirish eksport xarajatini kamaytiradi. Bu ayniqsa kichik va o‘rta biznesning tashqi bozorga chiqishini yengillashtiradi.
Quyosh energetikasida «montajdan servisgacha» kadr tayyorlash dasturini kengaytirish. Professional ta’lim muassasalarida quyosh panellarini o‘rnatish, invertor, akkumulyator, texnik xizmat va xavfsizlik bo‘yicha qisqa muddatli sertifikat kurslari tashkil etish zarur. Bu yoshlar bandligi va yashil iqtisodiyotni bir vaqtning o‘zida qo‘llab-quvvatlaydi.
Sanoat korxonalari uchun yashil kredit va energiya tejamkor lizing mahsulotlarini ko‘paytirish. Banklar, xalqaro moliya institutlari va davlat kafolat mexanizmlari orqali energiya samarador uskunalar, quyosh qurilmalari, issiqlik nasoslari va chiqindini qayta ishlash uskunalarini lizing asosida olishni arzonlashtirish mumkin.
Hududiy «yashil reyting» tizimini joriy etish. Viloyat va tumanlarda sanoat korxonalarining energiya samaradorligi, chiqindini qayta ishlash, suv tejash, yashil maydonlar va ekologik transport ko‘rsatkichlari asosida ochiq reyting yuritilsa, sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.
Shaharlarda elektrobus, zaryadlash stansiyasi va quyoshli bekatlar tizimini bog‘lash. Jamoat transportida ekologik toza yoqilg‘iga o‘tish maqsadini amalga oshirish uchun elektrobuslarni mahalliy servis, zaryadlash infratuzilmasi va quyosh panelli bekatlar bilan birgalikda rejalashtirish kerak.
«Nol chiqindi» tamoyilida ekosanoat zonalarini rivojlantirish. Bir korxonaning chiqindisi ikkinchi korxona uchun xom ashyo bo‘ladigan sanoat simbiozi modeli joriy etilsa, poligonlarga tushadigan chiqindilar kamayadi, energiya va material tejaladi.
O‘zbekiston–Xitoy talabalar va tadqiqotchilar uchun «Yashil Ipak yo‘li» almashinuv dasturini yo‘lga qo‘yish. Pekin, Qingdao, Sian, Toshkent, Samarqand va Nukus universitetlari o‘rtasida qisqa muddatli stajirovkalar, qo‘shma ilmiy maqolalar va startap tanlovlari tashkil etish maqsadga muvofiq.
Z. U. Berdinazarov, "Biznesni boshqarish va tadbirkorlik (MВA)" kafedrasi professori v.b., i.f.d., dots.