Yangiliklar
“Yashil iqtisodiyot” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
19-06-2026 | 730
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo hududiy filiali hamda Surxondaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamkorligida O‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Termiz hududiy bo‘linmasi tinglovchilari uchun “Yashil iqtisodiyot” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi tinglovchilarning yashil iqtisodiyot, ekologik barqaror rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo hududiy filiali bosh mutaxassisi B. Muhammadjonov tomonidan mavzu yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Ma’ruzada yashil iqtisodiyotning mazmun-mohiyati, uning iqtisodiy va ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalar hamda zamonaviy ekologik yondashuvlarning ahamiyati keng yoritildi.
Tadbir davomida yashil iqtisodiyotning asosiy tamoyillari, elektr transport vositalari va yashil texnologiyalar, quyosh energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, aylanma iqtisodiyot konsepsiyasi, “Green Startup” va “Green Business” yo‘nalishlarini rivojlantirish istiqbollari hamda raqamli texnologiyalarning iqtisodiyot tarmoqlaridagi samaradorligi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Davra suhbati yakunida tinglovchilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berilib, yashil iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan aholi va mutaxassislarning zamonaviy iqtisodiy bilimlarini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish hamda yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng targ‘ib etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida tinglovchilar yashil iqtisodiyot va ekologik barqaror rivojlanish sohasidagi zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha yangi bilimlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, energiya va resurslarni tejash, ekologik mas’uliyatni oshirish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar.