Yangiliklar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi
19-06-2026 | 39
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali tomonidan “Mikrokreditbank” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamda Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bilan hamkorlikda aholi va yoshlar uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish hamda fuqarolarni biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud davlat dasturlari va imkoniyatlari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali vakillari tomonidan aholi o‘rtasida tadbirkorlik kompetensiyalarini rivojlantirish, o‘quv va malaka oshirish dasturlari, shuningdek, muvaffaqiyatli biznes yuritishda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarning ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, biznes tafakkurini shakllantirish, istiqbolli biznes g‘oyalarni ishlab chiqish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida hamkor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, imtiyozli kreditlash shartlari, biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari, elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish tartibi hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.