Yangiliklar
Muvaffaqiyat kaliti – bilim va amaliy tajribada
16-06-2026 | 32
Bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish, daromadlarni oshirish hamda biznes jarayonlarini samarali tashkil etish korxonalarning barqaror o‘sishi va raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, zamonaviy bozor sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini takomillashtirish hamda yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish muhim omillardan biri hisoblanadi.
“Namangan Sodiq Trade Export Import” MCHJ asoschisi S. Jo‘rayev o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish, tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish va zamonaviy marketing usullarini amaliyotga joriy etish maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Namangan viloyati hududiy filiali tomonidan tashkil etilgan “Marketing xizmatlari hamda tovar va xizmatlarni reklamasini tashkil etish” o‘quv kursida tahsil oldi.
Kurs davomida marketing, biznesni tizimlashtirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda imtiyozli kreditlardan foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berildi.
Olingan bilimlar natijasida korxona faoliyatining eksport geografiyasi kengayib, Tojikiston, Qirg‘iziston va Rossiya bozorlaridan tashqari Turkmaniston hamda Afg‘oniston bozorlariga ham chiqish imkoniyatlari yaratildi.
Hozirgi kunda “Namangan Sodiq Trade Export Import” MCHJda 30 dan ortiq yoshlar va xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, korxonada xodimlarning samarali mehnat qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Olingan bilim va ko‘nikmalar korxona faoliyatini yanada rivojlantirish, eksport hajmini oshirish hamda yangi hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.