Samarqand shahrida marketing va tovar hamda xizmatlar reklamasini tashkil etish bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etildi

22-05-2026 | 83

Samarqand shahrida marketing va tovar hamda xizmatlar reklamasini tashkil etish bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etildi

#GSBE #GraduateSchool #Marketing #Services #Entrepreneurship

Samarqand dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonning yirik turizm markazi, balki tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasi va zamonaviy biznes tashabbuslari faol rivojlanayotgan hududlardan biri hisoblanadi. Har yili shaharga dunyoning turli mamlakatlaridan minglab sayyohlar tashrif buyurishi esa tovar va xizmatlarni targ‘ib qilish, brendlarni rivojlantirish hamda samarali marketing yechimlarini joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Shu munosabat bilan Samarqand shahrida tadbirkorlar, yoshlar hamda marketing sohasiga qiziquvchilar uchun “Marketing hamda tovar va xizmatlar reklamasini tashkil etish” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi.

Mazkur tadbir tashkilotchisi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Samarqand hududiy filiali bo‘ldi.

O‘quv kursining asosiy maqsadi ishtirokchilarning zamonaviy marketing, reklama va biznesni targ‘ib qilish bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

O‘quv dasturi doirasida tinglovchilarga zamonaviy marketing asoslari, tovar va xizmatlarni bozorda samarali targ‘ib qilish usullari, reklama strategiyalarini ishlab chiqish yondashuvlari, ijtimoiy tarmoqlarda reklama yuritishning zamonaviy vositalari, shuningdek, mijozlar bilan ishlash va kuchli brend yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Mashg‘ulotlar davomida mutaxassislar marketingning bugungi kundagi o‘rni, biznesni rivojlantirishda reklamaning ahamiyati hamda tovar va xizmatlarni ilgari surishda innovatsion yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Shuningdek, Samarqandning yuksak turistik salohiyati tadbirkorlar, xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari hamda yosh startaplar uchun yaratib berayotgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar zamonaviy targ‘ibot vositalari bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bunday o‘quv kurslarini tashkil etish hududda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, yoshlarning professional salohiyatini oshirish hamda Samarqandning jadal rivojlanayotgan turizm bozorida zamonaviy marketing vositalaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.