Yangiliklar
Navoiy viloyatida startaplarni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
20-05-2026 | 53
Navoiy viloyatida Biznes va tadbirkorlikoliy maktabi Navoiy viloyati hududiy filiali hamda IT Park Navoiy filiali hamkorligida o‘quv seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida IT Park vakili O. Abduraimov ishtirokchilarga startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu dasturlar doirasida tadbirkorlar g‘oyadan tortib MVP (minimal ishlaydigan mahsulot) yaratishgacha bo‘lgan jarayonni mutaxassislar ko‘magida bepul o‘rganish, birinchi mijozlarni topish hamda biznes modelni to‘g‘ri shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, tajribali tadbirkorlar va ekspertlar biriktiriladigan mentorlik ko‘magi imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bu esa loyihalarni rivojlantirish jarayonida keng tarqalgan xatolardan qochishga yordam beradi.
Startaplarni moliyalashtirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi. Jumladan, davlat va xalqaro grantlar hamda istiqbolli loyihalarga investitsiya jalb etishda ko‘maklashish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilarga IT Park rezidenti maqomining afzalliklari, jumladan soliq imtiyozlari va zamonaviy kovorking maydonlaridan foydalanish imkoniyatlari tushuntirildi.
Navoiy viloyati Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hududiy filiali xodimi T. Xolboyev ham an’anaviy biznes va startap o‘rtasidagi farqlar yuzasidan tushuntirish berdi. Unga ko‘ra, an’anaviy biznes barqaror daromad va mahalliy bozorga yo‘naltirilgan bo‘lsa, startaplar global muammolarga texnologik yechim topish va tezkor o‘sishga qaratiladi.
Tadbir yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi bilimlarini oshirish hamda O‘zbekistonda startap ekotizimi haqida xabardorligini kengaytirish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qildi.