«Innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va boshqarishda barqaror o‘sishga erishish yo‘llari: tadbirkorlik, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznes istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

18-05-2026 | 184

«Innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va boshqarishda barqaror o‘sishga erishish yo‘llari: tadbirkorlik, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznes istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

#GSBE #GraduateSchool #InnovativeEconomy #SustainableGrowth

2026 yil 18 may kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida «Innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va boshqarishda barqaror o‘sishga erishish yo‘llari: tadbirkorlik, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznes istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xorijiy yetakchi olimlar, vazirlik va idoralar vakillari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari vakillari, shuningdek Oliy biznes maktabi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdilar. Konferensiyada AQSH, Yaponiya va Rossiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari va yirik biznes tashkilotlari vakillari ham mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Konferensiya Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash sohasida, shuningdek Oliy biznes maktabi va Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida tadbirkorlik va kichik biznes sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha Hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bilan tantanali ravishda ochildi.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar doirasida 2023 yil 11 sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasida o‘rta muddatli istiqbolga belgilangan rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichlariga erishish maqsad qilingan. Mazkur Strategiyaga muvofiq, iqtisodiyotda YAIM hajmini 240 mlrd.dollarga yetkazish, iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85% gacha oshirish, YAIMda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini 60% ga yetkazish, shuningdek sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 60% ga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga yangi yondashuvlarni qo‘llashni, zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va sun’iy intellektni sanoatning turli tarmoqlariga faol joriy etishni, innovatsion startap loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi startap ekotizimni shakllantirishni, shuningdek mamlakat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan yuqori malakali kadrlar, ayniqsa texnik mutaxassislar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishni nazarda tutadi.

Mazkur Konferensiyaning maqsadi - jahon iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar sharoitida innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish vazifalari va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini muhokama etish hamda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishdagi mavjud muammolarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, tadbir doirasida innovatsion startaplarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi samarali startap ekotizimni shakllantirish bo‘yicha iqtisodiy chora-tadbirlar o‘rganildi.

Konferensiya doirasida zamonaviy texnologiyalarning barqaror o‘sishni ta’minlash, ekologik va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishdagi ta’siri, shuningdek raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishda tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali instrumentlarini joriy etish ko‘rib chiqildi.

Konferensiya ishida 100 nafardan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan davlat organlari, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va respublika oliy ta’lim muassasalarining akademik doiralari vakillari, shuningdek Oliy biznes maktabi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari qatnashdilar.

Konferensiyaning plenar sessiyasida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ Boshqaruv raisi Maxamatov A.S., Toshkent shahridagi Amerika texnologiyalar universiteti rektori va asoschisi Irando‘st S., Yaponiya Tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining (JETRO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ichinose Yu., Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot muasasasi direktorining o‘rinbosari Bayxanov I.I., IT Park Ventures ijrochi direktori Nodirov D., shuningdek Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining “Menejment” kafedrasi mudiri Maslevich T.P. mehmon spikerlar sifatida ishtirok etdilar.

Taqdimotlarda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ Boshqaruv raisi Maxamatov A.S. O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi dastaklar bilan tanishtirdi.

Amerika texnologiyalar universiteti rektori Irando‘st S. o‘z so‘zida innovatsion iqtisodiyotni barpo etishda, hozirgi global o‘zgaruvchan muhitda universitetlarning ilmiy-innovatsion salohiyati va mehnat bozoriga talab yuqori bo‘lgan kadrlarni yetkazib berish imkoniyatlarini yoritib berdi. Uning ta’kidlashicha, universitetlar iqtisodiyotning texnik mutaxassislarga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda kadrlarni chuqur amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga e’tibor qaratishi lozim.

Konferensiyada Yaponiya Tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti vakili Yaponiyada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasining institutsional asoslarini mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va bu boradagi mamlakat tajribasi bilan o‘z fikrlarini bo‘lishdi.

Konferensiya davomida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ITI direktorining o‘rinbosari Bayxanov I.I. sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘llash salohiyati, iqtisodiy sohada sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanish tendensiyalari, shuningdek tadbirkorlik va iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish uchun zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish imkoniyatlari haqida taqdimot qildi.

 Xalq xo‘jaligi va davlat xizmat akademiyasi vakili Maslevich T.P. ishtirokchilarni oziq-ovqat sanoati sohasida kichik va o‘rta biznes uchun innovatsion strategiyalarni ishlab chiqishda yosh avlodning raqamli odatlari bilan tanishtirib o‘tdi.

IT Park Ventures ijrochi direktori Nodirov D. o‘z chiqishida respublikada startap-ekotizimning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, startaplarning milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishdagi innovatsion salohiyati, shuningdek turli iqtisodiy tarmoqlarda istiqbolli startap loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy investitsiya institutlari va venchur kompaniyalarini jalb qilish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida taqdimot qildi.

Plenar sessiya yakunida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha atroflicha ekspertlar va ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashinuvi va savol-javoblar o‘tkazilib, unda yetakchi mutaxassislar tomonidan Konferensiya ishtirokchilarining qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.

Konferensiya innovatsion tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, barqaror iqtisodiy taraqqiyot va “yashil” texnologiyalarni joriy etish, shuningdek zamonaviy texnologiyalar asosida kichik biznesni moliyalashtirish instrumentlariga bag‘ishlangan seksiya yig‘ilishlarida davom ettirildi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha ma’ruzachilar, olimlar, tadqiqotchilar va magistrantlarning ilmiy ishlari to‘plamini nashr etish rejalashtirilmoqda. Ilmiy ishlar to‘plami keyinchalik tegishli vazirlik va idoralarga ilmiy jihatdan asoslangan holda ishlab chiqilgan tavsiyalarni o‘rganish hamda ularni innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda qo‘llash uchun taqdim etiladi.