Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil etilganiga 25 yil

18-05-2026 | 109

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil etilganiga 25 yil

#GSBE #GraduateSchool #25Years #Anniversary

   Bugun Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi o‘zining sharafli faoliyatiga 25 yil to‘ldi. Chorak asrlik ushbu yo‘l bu shunchaki vaqt emas, balki mamlakatimizda zamonaviy biznes ta’limini rivojlantirish, professional menejerlar va tadbirkorlarni tayyorlash, xalqaro tajribalarni milliy ta’lim tizimiga olib kirish yo‘lida amalga oshirilgan ulkan mehnat va yutuqlar tarixidir.

    O‘tgan 25 yil davomida oliy biznes maktabi nafaqat ta’lim muassasasi, balki biznes tafakkurini shakllantiruvchi, zamonaviy boshqaruv madaniyatini targ‘ib qiluvchi va iqtisodiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlovchi muhim ilmiy-amaliy markaz sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

    Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil etilgan ilk kunlardanoq zamon talablariga mos, amaliyotga yo‘naltirilgan va xalqaro standartlarga asoslangan ta’lim tizimini shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Aynan shu yondashuv tufayli oliy maktab bugungi kunda yurtimizdagi biznes ta’limining yetakchi maskanlaridan biriga aylandi.

     Oliy biznes maktabi faoliyati davomida:

  • davlat va xususiy sektor uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlandi;
  • tadbirkorlik va boshqaruv sohasida zamonaviy bilimlar ommalashtirildi;
  • xalqaro universitetlar va biznes maktablari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi;
  • xorijiy ekspertlar, professorlar va mutaxassislar ishtirokida o‘quv dasturlari tashkil etildi;
  • qisqa muddatli seminarlar, treninglar va malaka oshirish dasturlari orqali minglab tinglovchilarning professional salohiyati oshirildi.

 

     Eng muhimi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi O‘zbekistonda ilk bor “MBA - Biznesni boshqarish” mutaxassisligini joriy etgan ta’lim muassasasi sifatida alohida tarixiy o‘rin egallaydi.Bu nafaqat yangi ta’lim dasturining ochilishi, balki mamlakatimiz biznes ta’limi rivojida mutlaqo yangi bosqichning boshlanishi edi.

     MBA dasturining joriy etilishi orqali:

  • xalqaro biznes boshqaruvi tajribalari milliy ta’lim tizimiga olib kirildi;
  • strategik boshqaruv, liderlik, moliyaviy menejment va zamonaviy biznes tahlili kabi yo‘nalishlarda professional mutaxassislar tayyorlandi;
  • davlat va xususiy sektor rahbarlarining biznes boshqaruvida ko‘nikmalari rivojlantirildi;
  • zamonaviy iqtisodiyot talablariga javob bera oladigan yangi avlod menejerlari shakllandi.

 

     Bugungi kunda oliy biznes maktabi bitiruvchilari davlat boshqaruvi, yirik kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar va xususiy biznes subyektlarida samarali faoliyat yuritib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

     25 yil davomida to‘plangan tajriba, shakllangan ilmiy salohiyat va xalqaro hamkorliklar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining kelgusidagi rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

     25 yil - bu tarix, tajriba, ishonch va taraqqiyot demakdir.

     25 yiling muborak bo‘lsin Oliy biznes maktabim!