Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda ATB “Mikrokreditbank” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
14-05-2026 | 21
2026 yil 14 may kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda ATB “Mikrokreditbank” hududiy filiallari rahbarlari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan mazkur tadbirda ikki tomonning markaziy apparat va hududiy tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Biznes-inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi rahbari Usmanov G‘afurjon hamda ATB “Mikrokreditbank” Mahallabay ishlash va hududiy loyihalarni boshqarish departamenti direktor o‘rinbosari Shodmonov Nodir kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ular o‘z chiqishlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Tadbir davomida ATB “Mikrokreditbank”ning faoliyati, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari va hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyati, hududiy filiallarning imkoniyatlari, tadbirkorlar uchun tashkil etilayotgan o‘quv dasturlari hamda amaliy loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, ikki tashkilotning hududiy filiallari rahbarlari o‘zaro tanishtirilib, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv dasturlarini tashkil etish va hududlarda yangi biznes tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, bank moliyaviy xizmatlaridan keng foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda ATB “Mikrokreditbank” o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.