Davlat dasturi Namangan va Sirdaryo viloyatlari xotin-qizlari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

01-05-2026 | 228

Davlat dasturi Namangan va Sirdaryo viloyatlari xotin-qizlari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

#GSBE #GraduateSchool #WomenDevelopment #Entrepreneurship

Xotin-qizlarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi 103-sonli qaroriga muvofiq, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Dastur doirasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlar uchun sog‘lomlashtirish va o‘quv-tarbiyaviy tadbirlar tashkil etilmoqda. Har yili qariyb 50 ming nafar ayol Toshkent viloyatidagi sog‘lomlashtirish maskanlarida tiklanish va ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

Navbatdagi bosqich Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Livinston” dam olish maskanida o‘tkazildi. Unda Namanagan va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan xotin-qizlar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar uchun sog‘lomlashtirish muolajalari, o‘quv seminarlar va shaxsiy rivojlanishga yo‘naltirilgan treninglarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli dastur tayyorlandi.

Tadbir davomida tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar biznes yuritish asoslari, moliyaviy savodxonlik hamda o‘z biznes g‘oyalarini ishlab chiqish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lishdi.