Yangiliklar
Termizda "E-auksion" platformasi va raqamli savdo imkoniyatlari bo‘yicha seminar tashkil etildi
30-04-2026 | 20
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo viloyati hududiy filiali hamda “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ viloyat vakillari hamkorligida Termiz shahridagi Tibbiyot texnikumi talabalari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida talabalarga “E-auksion” va “E-auksion shop” elektron platformalarining keng imkoniyatlari, ulardan samarali foydalanish tartibi hamda onlayn savdolarda ishtirok etish jarayonlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Xususan, auksion orqali mulk va mulkiy huquqlarni qo‘lga kiritish, mulkni ijaraga berish va undan daromad olish imkoniyatlari, platformada ro‘yxatdan o‘tish hamda savdolarni amalga oshirish bosqichlari, davlat va xususiy mulklarni onlayn xarid qilish tartibi, shuningdek, raqamli elektron imzo (E-IMZO)dan foydalanish mexanizmlari atroflicha tushuntirildi.
Mazkur seminar talabalarda raqamli savdo muhitini chuqurroq anglash, onlayn-auksionlarda faol ishtirok etish hamda kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.