Xorazm viloyatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilmoqda

30-04-2026 | 38

Xorazm viloyatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilmoqda

#GSBE #GraduateSchool #Women #Entrepreneurship

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Xorazm viloyati hududiy filiali hamda “SOS O‘zbekiston Bolalar Mahallalari” uyushmasi hamkorligida Urganch shahrida aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur tashabbus mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.

Dastur doirasida kam ta’minlangan oilalar reyestrida turgan ayollar hamda boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar tadbirkorlik asoslariga o‘qitilmoqda. O‘quv jarayonida ishtirokchilar biznesni tashkil etish, moliyaviy savodxonlik, marketing, biznes reja tuzish va zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lmoqdalar.

Seminar mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari munosib baholanib, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan rasmiy sertifikatlar topshiriladi. Bu esa ularning kelgusida mustaqil faoliyat yuritishi va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu loyiha xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, oila daromadlarini oshirish va jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga xizmat qilib, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.