Yangiliklar
Navoi viloyatida “Biznes va tadbirkorlik asoslari” mavzusida seminar tashkil etildi
22-04-2026 | 15
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Navoiy viloyati hududiy filiali, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamda IT-park hamkorligida “Biznes va tadbirkorlik asoslari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan aholi, yoshlar hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularga biznes yuritishning asosiy bilim va ko‘nikmalarini berishga qaratildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga biznes reja tuzish, moliyaviy savodxonlik, marketing asoslari, soliq tizimi hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bosqichlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, davlat tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbir interaktiv tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda kelgusida o‘z biznesini boshlash uchun zarur tavsiyalar taqdim etildi.
Seminar yakunida bunday o‘quv tadbirlarini muntazam ravishda tashkil etish orqali hududda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish maqsad qilingani ta’kidlandi.