Yangiliklar
"O‘zbekneftgaz" AJ tizimida gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha o‘quv dasturi ishga tushirildi
20-04-2026 | 28
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida "O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan rahbarlar hamda maslahat kengashlari a’zolarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha bilim va kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda "O‘zbekneftgaz" AJ hamkorligida tashkil etildi.
Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasining gender tenglik sohasidagi davlat siyosatining asosiy jihatlari, xalqaro yondashuvlar va eng yaxshi amaliyotlar, shuningdek, korporativ muhitda teng huquq va imkoniyatlar tamoyillarini joriy etishning amaliy mexanizmlari ko‘rib chiqilmoqda. Tashkilotlarda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, maslahat kengashlarining samarali faoliyati va tegishli boshqaruv vositalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Gender tengligining iqtisodiy jihatlariga, jumladan, gender auditini o‘tkazish, korporativ siyosatni ishlab chiqish va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan zamonaviy boshqaruv yechimlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir davomida xodimlarning kasbiy o‘sishiga ko‘maklashuvchi qulay va inklyuziv ish muhitini shakllantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ish va oilaviy hayot o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, "family-friendly" siyosati tamoyillarini joriy etish va korporativ ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, yirik davlat kompaniyalari tizimida genderga sezgir yondashuvlarni joriy etish korporativ boshqaruvni takomillashtirish, mehnat unumdorligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladigan bunday ta’lim tashabbuslarining ahamiyati qayd etildi.
Ushbu o‘quv dasturining amalga oshirilishi "O‘zbekneftgaz" AJ tizimida gender tenglik tamoyillarini mustahkamlash, boshqaruv jarayonlari sifatini oshirish va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan zamonaviy korporativ madaniyatni shakllantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.