Yangiliklar
Yetakchi oliy ta’lim muassasalari talabalar jamoalarining texnologik startaplari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2025-yil 12-may kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida respublika oliy ta’lim muassasalarining talabalar startaplari tomonidan taqdim etilgan “Startap g‘oyadan texnologik startapni yo‘lga qo‘yishgacha” loyihasining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sakkizta oliy o‘quv yurtining startap jamoalari ishtirok etib, o‘zlarining texnologik startap loyihalari taqdimotini o‘tkazdilar:
1. Bekajon - O‘zbekistonda ayollar bandligini qo‘llab-quvvatlovchi, uy bekalarining taomlarini taklif etuvchi FoodTech sohasidagi ilova. Loyiha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari startap jamoasi tomonidan taqdim etildi.
2. TezTop - sun’iy intellektga asoslangan, yaqin atrofdagi santexnik va usta kabi malakali hamda ishonchli mutaxassislarni topish va yollashni osonlashtiradigan ilova bo‘lib, Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari startap jamoasi tomonidan taqdim etildi.
3.Travel Able App - imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay dam olishni ta’minlaydigan innovatsion platforma. G‘oya Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari tomonidan taqdim etildi.
4.Onco-VR - onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash uchun virtual reallik texnologiyalarini joriy etuvchi sog‘liqni saqlash loyihasi. Loyiha Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti talabalari tomonidan taqdim etildi.
5.EcoFertilizer - oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash orqali o‘simliklar uchun mineral o‘g‘itlar va hayvonlar uchun ozuqa qo‘shimchalari ishlab chiqarish tashabbusi Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalari tomonidan taqdim etildi.
6.Bionica - qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga mo‘ljallangan ko‘chat va urug‘larni ekish uchun aqlli qurilma. Ushbu loyihani Toshkent davlat transport universiteti startap jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan.
7. Dehqonjon AI - issiqxona xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini nazorat qilishga mo‘ljallangan sun’iy intellektga asoslangan tizim Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti talabalari tomonidan taqdimot qilindi.
8. EcoRobot - ko‘chalardagi axlat va chiqindilarni yig‘ish uchun sun’iy intellektga asoslangan tozalovchi robot. Loyiha Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti startap jamoasi tomonidan taqdim etildi.
Tadbirda ishtirokchilarning startap loyihalarini baholash uchun yetakchi biznes maslahatchilari va Oliy biznes maktabi o‘qituvchi-professorlari ekspert sifatida ishtirok etdilar.
Startap tashabbuskorlari soha mutaxassislaridan mentorlik maslahatlari, tavsiyalar va biznes yechimlarini oldilar.
Ushbu loyiha kelajakda innovatsion tadbirkor bo‘lishni orzu qilgan yosh talabalar uchun haqiqiy rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib, ularni o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va muvaffaqiyatli startaplar yaratishni qo‘llab-quvvatladi.