Yangiliklar
Business English kurslarida yangi bosqich
15-04-2026 | 14
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo viloyat hududiy filiali tomonidan amalga oshirilayotgan Business English kurslarining yangilangan dasturi ishga tushirildi.
Mazkur o‘quv dasturi zamonaviy bozor talablari va tinglovchilarning real ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘p darajali (Multilevel) tizimga o‘tkazildi. Ushbu yondashuv tilni real muloqot muhitiga yaqin sharoitda samarali o‘zlashtirish imkonini beradi. An’anaviy bir xil darajadagi guruhlar formatidan farqli ravishda, yangi tizim tinglovchilarga dinamik til muhitida o‘qish, moslashuvchanlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muloqotida ishonchni mustahkamlash imkonini yaratadi.
Dasturdagi asosiy o‘zgarishlar shundan iboratki, endilikda ta’lim jarayoni nafaqat nazariy bilimlarga, balki tilni real hayotiy vaziyatlarda amaliy qo‘llashga yo‘naltirilgan. Yangilangan dastur doirasida tez natijaga erishishni istaganlar uchun 3 oylik intensiv kurslar joriy etildi. Shu bilan birga, 5 oydan 8 oygacha davom etadigan chuqurlashtirilgan dasturlar ham saqlab qolingan. Mashg‘ulotlar haftasiga uch marotaba o‘tkazilib, to‘liq amaliy format asosida tashkil etiladi.
O‘qish jarayonida asosiy til ko‘nikmalari izchil rivojlantiriladi. Jumladan, o‘qish (Reading), tinglab tushunish (Listening), yozish (Writing) va gapirish (Speaking) ko‘nikmalari kompleks tarzda shakllantiriladi. Dastur ingliz tilini bilish darajasini bosqichma-bosqich B1/B2 darajadan C1 darajasigacha oshirishni nazarda tutadi.
Kurs yakunida tinglovchilar oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun mustahkam bilim bazasiga ega bo‘lishi, xalqaro ish muhitida faoliyat yuritishga tayyorlanishi hamda ingliz tilini ishonch bilan egallash orqali o‘z karyera imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda.