Yangiliklar
Elektron tijorat va wildberries: amaliy bilimlar sari muhim qadam
13-04-2026 | 121
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Surxondaryo viloyati hududiy filiali tomonidan Termiz shahrida “Marketing xizmatlari hamda Wildberries platformasida savdolarni boshlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir IT Park Surxondaryo hududiy filiali bilan hamkorlikda “Inkubatsiya” dasturi tinglovchilari uchun o‘tkazildi va elektron tijorat yo‘nalishida amaliy bilimlarni oshirishga qaratildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga elektron tijoratning zamonaviy imkoniyatlari, Wildberries platformasida savdoni boshlash bosqichlari, marketplaceda ro‘yxatdan o‘tish va mahsulot joylashtirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, buyurtmalarni boshqarish, logistika jarayonlarini tashkil etish, to‘lov tizimlari bilan ishlash va marketing xizmatlari orqali savdoni rivojlantirish masalalari ham amaliy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirning asosiy maqsadi tinglovchilarda xalqaro elektron savdo platformalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, real savdo jarayonlarini chuqur anglash va Wildberries platformasida mustaqil savdoni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bilim va tajribani berishdan iborat bo‘ldi. Interaktiv muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida ishtirokchilar real keyslar asosida muhokamalar o‘tkazishdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan aniq va amaliy javoblar olishdi.
Natijada tinglovchilar elektron tijorat asoslarini yanada chuqurroq anglab, marketplace orqali o‘z biznesini boshlash bo‘yicha aniq yo‘l xaritasiga ega bo‘ldilar. Zamonaviy savdo platformalarida ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishdilar.