Ta’lim, tadbirkorlik va IT bir maydonda: Buxoroda muhim davra suhbati o‘tkazildi

14-04-2026 | 77

Ta’lim, tadbirkorlik va IT bir maydonda: Buxoroda muhim davra suhbati o‘tkazildi

#GSBE #GraduateSchool #Еducation #Еntrepreneurship #IT #Startup

Buxoro viloyatida yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy kasb va yo‘nalishlarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan muhim davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Buxoro viloyati hududiy filiali, Buxoro texnika universiteti, Respublika IT Park startap loyihalarini amalga oshirish bo‘limi, E-auksion Buxoro viloyati maydonchasi hamda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi hamkorligida tashkil etildi.

Davra suhbatining asosiy maqsadi talaba-yoshlarni tadbirkorlik faoliyati, startap loyihalar va axborot texnologiyalari sohasidagi yangi imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularni amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar bugungi kunda oddiy diplom emas, balki amaliy bilim, raqamli ko‘nikmalar va bozor talablariga mos fikrlash muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, hududda IT sohasi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan sharoitlar, yoshlar uchun mavjud imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Respublika miqyosidagi tajribalar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda IT sohasida muvaffaqiyatga erishish yo‘llari yuzasidan berilgan tavsiyalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Davra suhbati savol-javoblar, ochiq muloqot va amaliy tavsiyalar bilan boy tarzda o‘tdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mutaxassislar ta’lim, tadbirkorlik va axborot texnologiyalari uyg‘unligi bugungi kunda yoshlar uchun eng katta imkoniyatlar eshigini ochayotganini qayd etdilar. Mazkur davra suhbati aynan shu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar bunday hamkorlikdagi uchrashuvlarni kelgusida ham muntazam davom ettirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildilar.