Yangiliklar
GreenCamUz: oliy ta’limni barqaror rivojlanish tamoyillari asosida transformatsiya qilish
Joriy yilning 25-mart kuni Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “GreenCamUz – Green Campus Initiative: Integrating Sustainability into Higher Education in Uzbekistan” xalqaro grant loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyiha O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimiga barqaror rivojlanish tamoyillarini tizimli ravishda integratsiya qilishga qaratilgan bo‘lib, “yashil kampus” strategiyalarini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish hamda universitetlarning institutsional salohiyatini mustahkamlashni nazarda tutadi. Loyiha muddati 36 oyni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 6 ta oliy ta’lim muassasasida “yashil kampus” strategiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv dasturlariga barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan 12 ta yangi yoki yangilangan fanlarni integratsiya qilish, 48 nafar professor-o‘qituvchi va 24 nafar ma’muriy xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, 6 ta pilot loyihani (har bir hamkor OTMda bittadan) amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 120 nafardan ortiq “Green Campus Ambassador”lar tarmog‘i shakllantiriladi hamda xalqaro bilim almashish platformasi yaratiladi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi loyiha hamkori sifatida faol ishtirok etib, barqaror rivojlanish tamoyillarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, innovatsion o‘quv modullarini ishlab chiqish hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, loyiha doirasida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi:
• 6 ta mahalliy oliy ta’lim muassasasi uchun “yashil kampus” strategiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, • barqaror rivojlanish va “yashil iqtisodiyot”ga oid o‘quv kurslarini ishlab chiqadi va joriy etadi, • professor-o‘qituvchilar va xodimlar salohiyatini oshirishga qaratilgan treninglarni tashkil etadi, • universitetlar va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish orqali amaliy yechimlarni ilgari suradi.
Shu tariqa, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi nafaqat ta’lim maskani, balki barqaror rivojlanish sohasida amaliy kompetensiyalarni shakllantirish va yashil iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlashga xizmat qiluvchi muhim markaz sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Loyihada, shuningdek, Qo‘qon universiteti, Andijon davlat texnika instituti, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti, Toshkent xalqaro universiteti, Alfraganus universiteti hamda Opole texnologiya universiteti (Polsha), Vilnyus Gediminas texnika universiteti (Litva) va Karabuk universiteti (Turkiya) kabi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari ishtirok etmoqda.
Tadbirda yuqori martabali mehmonlar, jumladan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, diplomatik vakil Vitautas Buchinskas hamda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ustuvor yo‘nalishlar va amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilinib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. Dastur doirasida hamkorlar taqdimotlari, ishchi paketlar muhokamasi, kampus bo‘ylab tanishtiruv tashrifi hamda ramziy ko‘chat ekish marosimi tashkil etildi.
GreenCamUz loyihasi O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimining ekologik transformatsiyasini jadallashtirish, yashil iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlik asosida innovatsion yechimlarni joriy etishda muhim platforma bo‘lishi kutilmoqda.