Yangiliklar
“Executive Vision 2026: AQSh bozori va xalqaro raqobat strategiyalari” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Rutgers Business School, American Councils va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Executive Vision 2026: AQSh bozori va xalqaro raqobat strategiyalari” mavzusida ochiq axborot sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga AQShning xalqaro biznes va jahon iqtisodiyoti bo‘yicha ekspertlari, Rutgers Business School professorlari Farrokh Langdana va Shen Yeniyurt ishtirok etdilar.
Uchrashuvni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktori o‘rinbosari B. Xolbayev ochib, tadbirning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va biznes sohalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda professional tajriba almashinuvi uchun muhim platforma ekanini ta’kidladi.
Tadbirda 20 ga yaqin vazirlik va idoralar, biznes-uyushmalar, tadbirkorlar hamda tijorat banklarining 50 nafar vakillari qatnashdi. Seminar davomida ishtirokchilar global savdo ziddiyatlarini boshqarish, eksport-import operatsiyalarini tashkil etish, tashqi bozorlarga chiqish strategiyalari, barqaror raqobat ustunligini shakllantirish va strategik boshqaruvning innovatsion yondashuvlari bilan tanishdilar.
Ekspertlar “Savdo ziddiyatlari: ularning ta’siri va muzokara olib borish strategiyalari” va “AQSh bozorida marketing va mijozlarga xizmat ko‘rsatish xususiyatlari” mavzularida ma’ruza va taqdimotlar o‘tkazdilar, ishtirokchilarga muzokara strategiyalari, AQSh bozorida marketing va brend boshqaruvi, eksport-import strategiyalari hamda barqaror raqobat pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdi.
Uchrashuv nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy ko‘nikmalarni oshirish va xalqaro bozorlarda samarali strategiyalar ishlab chiqish imkonini berdi.