Yangiliklar
PhD (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasini olish tartibi, talablar va rasmiy hujjatlar.
PhD (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasi oliy ta’lim va fan sohasida mustaqil ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, ilmiy yangilik yaratish hamda ilmiy-pedagogik faoliyat yuritish salohiyatiga ega shaxslarga beriladi. Ushbu ilmiy darajani berish tartibi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
PhD tayyorlash va himoya qilish jarayoni quyidagi asosiy me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asoslanadi:
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori «Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»;
«Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risida»gi Nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining «Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori.
PhD ilmiy darajasiga da’vogar shaxs magistr darajasiga yoki unga tenglashtirilgan ta’lim darajasiga ega bo‘lishi shart. Talabgor doktorantura (PhD)ga tanlov asosida qabul qilinadi. Qabul qilish jarayoni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi. Talabgor mutaxassislik fanidan va chet tilidan imtihon topshiradi yoki belgilangan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat taqdim etadi.
Tadqiqotchiga ilmiy rahbar va dissertatsiya mavzusi ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi. Tadqiqotchi va ilmiy rahbar tomonidan yakka tartibdagi ish rejasi uch yil uchun va Nazariy metadologik dastur bir yil uchun ishlab chiqiladi va ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi. Ilmiy tadqiqot ishlari ushbu yakka tartibdagi ish reja asosida amalga oshiriladi.
PhD ilmiy darajasiga da’vogar dissertatsiya himoyasiga qo‘yilishi uchun dissertatsiya mavzusi bo‘yicha kamida 3 ta mahalliy va 1 ta xorijiy ilmiy maqolalar hamda 3 ta tezis chop etgan bo‘lishi shart. Maqola va tezis chop etilayotgan ilmiy jurnallar Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lishi lozim.
Dissertatsiya belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtiriladi va majburiy ravishda antiplagiat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng dissertatsiya kafedra va ilmiy tashkilot huzuridagi ilmiy seminarda muhokama qilinib, himoyaga tavsiya etish haqida xulosa beriladi.
Ilmiy seminar ijobiy xulosa berganidan so‘ng dissertatsiya materiallari ixtisoslashgan ilmiy kengashga taqdim etiladi.Kengash tomonidan rasmiy opponentlar tayinlanadi, avtoreferat tarqatiladi va ochiq himoya sanasi belgilanadi.
PhD dissertatsiyasi himoyasi ochiq shaklda o‘tkaziladi. Himoya natijalariga ko‘ra ixtisoslashgan ilmiy kengash yashirin ovoz berish orqali qaror qabul qiladi.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga elektron tarzda taqdim etiladi.
PhD dissertatsiyalari bo‘yicha hujjatlarni topshirishning rasmiy elektron portallari:
Оliy ta’limdan keyingi ta’lim bo‘yicha elektron tizim
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi
Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqilib, ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda talabgorga PhD (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom rasmiylashtiriladi.