Elektron tijorat sohasida qisqa muddatli o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi

Elektron tijorat sohasida qisqa muddatli o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi #GSBE #GraduateSchool  #Ecommerce #Study #Regionalbranches

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Surxondaryo viloyati hududiy filiali hamda Wildberries kompaniyasi hamkorligida Qiziriq tumanida joylashgan 1-son kasb-hunar maktabi binosida “Elektron tijorat sohasida biznesni boshlash va yuritish. Wildberries platformasida savdoni yo‘lga qo‘yish” mavzusida qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi.

Shuningdek, Termiz davlat universiteti talabalari uchun “Marketpleys menejeri” kasbiga yo‘naltirilgan amaliy seminar-trening o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchilik orasida elektron tijorat sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, marketpleys platformalarida savdo qilish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga elektron tijoratni yo‘lga qo‘yish, onlayn savdo jarayonlarini boshqarish, Wildberries platformasida mahsulot joylashtirish, buyurtmalarni qabul qilish hamda savdoni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.

Mazkur o‘quv kursi va seminar-treninglarda jami 63 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tadbir ishtirokchilarga elektron savdo sohasida mustaqil faoliyat boshlash va zamonaviy kasb-hunar egallash uchun muhim imkoniyat yaratdi.