Yangiliklar
Toshkent shahridagi 16-maktab o‘quvchilarining Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga tanishtiruv tashrifi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 29-yanvar kuni Toshkent shahridagi 16-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga tanishtiruv tashrifi bilan tashrif buyurdilar. Mazkur tadbir o‘quvchilarning zamonaviy biznes-ta’lim imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirish hamda ularning kasbiy yo‘nalishini aniqlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida o‘quvchilar Biznes oliy maktabining faoliyati, uning missiyasi, strategik maqsadlari va amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, menejment va tadbirkorlik sohalarida amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim yondashuvi hamda yoshlarning tadbirkorlik va boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Mehmonlarni D. Rasulova boshchiligidagi oliy maktab professor-o‘qituvchilari samimiy qutlov so‘zlari bilan qarshi oldilar. Ular oliy maktabning yoshlar tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishdagi muhim o‘rnini ta’kidlab, ta’lim yo‘nalishlari, o‘qishga qabul shartlari va ta’lim istiqbollari haqida ma’lumot berdilar hamda talabalar uchun real loyihalar, startap tashabbuslar hamda turli ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdilar.
O‘quvchilar uchun o‘quv auditoriyalari, kompyuter sinflari, kutubxona hamda zamonaviy ta’lim maydonlari bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi. Tashrif dasturi ochiq savol-javob sessiyasi bilan yakunlandi, unda o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Uchrashuv yakunida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining o‘rinbosari B. Xolbayev so‘zga chiqib, bunday tadbirlar umumta’lim muassasalari va oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda yoshlarning kelajak kasbini ongli ravishda tanlashida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.