Yangiliklar
Elektron tijorat bo‘yicha navbatdagi qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Qashqadaryo viloyati hududiy filiali tomonidan Qarshi shahar korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi binosida “Elektron tijorat sohasida biznesni boshlash va yuritish. Wildberries platformasida savdoni yo‘lga qo‘yish” mavzusida qisqa muddatli o‘quv kursi hamda Qarshi davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti talabalari uchun “Marketpleys menejeri” kasbiga o‘qitish bo‘yicha amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. O‘quv kursda 75 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi - hududiy tadbirkorlarning elektron tijorat sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga chiqarishga ko‘maklashish hamda zamonaviy raqamli savdo imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga sharoit yaratishdan iborat.
Mazkur o‘quv kurslari hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar, talabalar hamda elektron tijorat sohasiga qiziqayotgan tinglovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda zamonaviy elektron savdo yo‘nalishlari, marketpleyslarda ishlash mexanizmlari, mahsulotlarni joylashtirish, buyurtmalarni boshqarish, logistika va to‘lov jarayonlari bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida Wildberries xalqaro elektron savdo platformasida savdoni yo‘lga qo‘yish, sotuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, shaxsiy kabinet bilan ishlash, mahsulot kartochkalarini yaratish va savdo hajmini oshirish masalalari batafsil tushuntirildi.
Kelgusida ham Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan hududlarda elektron tijorat va marketpleyslar yo‘nalishida shunday amaliy o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.