Yangiliklar
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida davlat korxonalarida ESG tamoyillarini joriy etish bo‘yicha trening tashkil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida davlat ishtirokidagi tashkilotlar va korxonalar faoliyatiga barqaror rivojlanish hamda ESG tamoyillarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir mamlakat Prezidenti tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining 2019–2030-yillarda yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” hamda “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Seminar-treningda mamlakatdagi yirik aksiyadorlik jamiyatlarining tegishli bo‘linmalari xodimlari ishtirok etdi. Bu esa atrof-muhit muhofazasi, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruv masalalariga tizimli yondashuvni joriy etish imkonini berib, yakuniy natijada investorlar, regulyatorlar va xalqaro standartlar talablariga moslikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbirni, “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi B. Abdinazarov va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining o‘rinbosari M. Adilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Shuningdek, davlat sektorida ESG yondashuvlarini joriy etish mamlakatda olib borilayotgan institutsional va korporativ islohotlarning ajralmas qismi ekani, bu islohotlar davlat aktivlarining shaffofligi, boshqaruv samaradorligi va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgani alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining 2019–2030-yillarda ‘yashil’ iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” va boshqa dasturiy hujjatlar davlat kompaniyalari faoliyatiga atrof-muhit muhofazasi, ijtimoiy va boshqaruv tamoyillarini integratsiya qilish, moliyaviy bo‘lmagan hisobotlarni rivojlantirish, risklarni boshqarish sifatini oshirish hamda jamiyat va investorlar oldidagi hisobdorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Trening doirasidagi ta’lim jarayoni barqarorlikni tizimli boshqarish, ESG-risklarni baholash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va davlat tashkilotlarining ijtimoiy mas’uliyatini mustahkamlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratildi.
Ushbu amaliy trening dasturi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo‘yicha loyiha ofisi tomonidan tayyorlangan davlat korxonalarida ESG tamoyillarini joriy etish bo‘yicha qo‘llanma hamda ESG-hisobotini tayyorlash bo‘yicha tavsiyanoma asosida ishlab chiqilgan.
Trening mazmuni ishtirokchilarda ESGni atrof-muhit muhofazasi, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruv masalalarini qamrab oluvchi o‘zaro bog‘liq boshqaruv qarorlari tizimi sifatida yaxlit tushuncha shakllantirishga qaratilgan. Davlat tashkilotlarida barqaror rivojlanishni faqat bitta ixtisoslashgan bo‘linma sa’y-harakatlari bilan ta’minlab bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi. ESG ko‘rsatkichlariga erishish kadrlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilishdan tortib, ishlab chiqarish bo‘linmalari, xaridlar, atrof-muhit muhofazasi va energiya samaradorligigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarning faol ishtirokini talab etadi.
Ta’lim jarayonida ishtirokchilarga ESG ma’lumotlarini to‘plash, tizimlashtirish va taqdim etish bo‘yicha amaliy vositalar va yondashuvlar, shuningdek, kundalik boshqaruv qarorlarining nomoliyaviy hisobot sifati va tashkilotlarning uzoq muddatli barqarorligiga ta’siri tushuntirildi.
Tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda “UzAssets” AJ o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilib, davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish va zamonaviy boshqaruv standartlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bunday ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish davlat sektorida ESGning institutsional asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi hamda O‘zbekiston Respublikasining milliy ustuvor yo‘nalishlari va global barqaror rivojlanish tendensiyalariga mos keladi.