Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazildi

Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazildi #GSBE #GraduateSchool  #Ecommerce #Trainingсourse

Kichik biznes subyektlarining elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hududiy filiallari xodimlari uchun «O‘zbekistonda zamonaviy elektron tijoratning rivojlanayotgan yo‘nalishlari, marketpleyslarda ishlash, birja savdolari va davlat xaridlarida ishtirok etish» mavzusida to‘rt kunlik intensiv o‘quv kursi tashkil etildi.

O‘quv kursi xalqaro elektron platformalardan foydalanish, elektron savdo ishtirokchilari (sotuvchilar, xaridorlar, marketpleyslar) faoliyatini o‘rganish, tadbirkorlik subyektlarining davlat, korporativ va birja elektron xaridlarida ishtirok etish xususiyatlariga bag‘ishlandi.

Mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining yetakchi eksperti S. Axmedov, «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ mutaxassislari X. Kurganbekova, Q. Alimov hamda «Wildberries» kompaniyasining savdo operatsiyalari bo‘yicha menejeri K. Pazliyev ma’ruzalar bilan qatnashishdi.

O‘quv kursi davomida ishtirokchilar Wildberries xalqaro platformasi bilan tanishib, unda elektron savdo faoliyatini yuritish imkoniyatlarini o‘rganishdi, shuningdek, turli toifadagi tadbirkorlik subyektlari uchun elektron platformalarda biznes operatsiyalarni amalga oshirish xususiyatlarini o‘zlashtirishdi. Bundan tashqari, ishtirokchilar Wildberries marketpleysida xalqaro bozorlarda tovarlarni elektron savdo orqali realizatsiya qilish tartiblari bilan tanishishdi.

Mashgulotlarda elektron davlat xaridlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, «O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ faoliyati, elektron savdo maydonchalarining turlari, tadbirkorlik subyektlarining birja savdolarida ishtirok etish shartlari, shuningdek, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, auksion savdolar, onlayn-do‘konlar, tovar takliflarini joylashtirish tartibi va birja savdolarini o‘tkazish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, seminarda davlat ulushi mavjud korxonalar va tashkilotlar tomonidan davlat xaridlarini o‘tkazish tartibi, xarid takliflarini joylashtirish shartlari va davlat xaridlari bo‘yicha savdo bitimlarining o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

O‘quv kursi yakunida ishtirokchilar elektron tijorat sohasida yangi ko‘nikmalar va bilimlarga ega bo‘ldilar, Wildberries xalqaro marketpleysida savdo vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘zlashtirishdi, shuningdek, tadbirkorlarning davlat elektron xaridlarida ishtirok etishini ham qamrab olgan holda, turli elektron maydonchalarda elektron savdolarni o‘tkazish mexanizmlari va tartibini o‘rgandilar.