Yangiliklar
CITES CoP20 Samarqandda: Xalqaro savdo nazorati, barqarorlik va “yashil” ustuvorlik
Tarixiy Samarqand shahrida Yovvoyi fauna va floraning yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlari bilan xalqaro savdo toʻgʻrisidagi CITES Tomonlar Konferensiyasining 20-yigʻilishi (CoP20) boʻlib oʻtmoqda (2025-yil 24-noyabr – 5-dekabr).
Bu forum 40 900 dan ortiq yovvoyi fauna va flora turlari savdosini barqaror nazorat qilishni ta’minlashga qaratilgan asosiy xalqaro forumdir.
Ushbu forumning Oʻzbekiston uchun ahamiyati koʻp qirrali boʻlib, u ham xalqaro, ham milliy rivojlanish maqsadlarini qamrab oladi:
1. Milliy siyosat bilan integratsiya. Markaziy Osiyoda ilk bor CoP20 ning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi strategik ahamiyatga ega. Bu tadbir toʻgʻridan-toʻgʻri “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasi maqsadlariga mos kelib, mamlakatning xalqaro kun tartibidagi faolligini oshiradi.
2. “Yashil” rivojlanish ustuvorligi. Konferensiya Oʻzbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili”da oʻtkazilayotgani bejiz emas. Bu holat mamlakatning barqaror rivojlanishga oʻtish va atrof-muhitni himoya qilish boʻyicha milliy ustuvorligini yana bir bor taʼkidlaydi. Bu esa Strategiyaning “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” nomli 3-ustuvor yoʻnalishida mustahkamlangan.
3. Mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish. CoP20 doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan Samarqand deklaratsiyasi tashabbusining tasdiqlanishi kutilmoqda. Deklaratsiya noqonuniy savdoga qarshi kurash choralarining samaradorligini oshirishga, shuningdek, qor qoploni va saygʻoq kabi mintaqaviy ahamiyatga ega asosiy turlarni saqlab qolishga qaratilgan.
4. CITES vakolatlarini kuchaytirish. Konferensiya kun tartibiga 100 dan ortiq masala kiritilgan boʻlib, ularni 185 Tomon delegatsiyalari muhokama qiladi. Asosiy e’tibor muhofaza qilinadigan turlar roʻyxatini yangilash (CITES Ilovalari) va xalqaro savdoning qonuniyligi hamda barqarorligini taʼminlash mexanizmlarini mustahkamlashga qaratiladi.
CITES CoP20 Oʻzbekiston uchun shunchaki xalqaro tadbir boʻlmay, global ekologik standartlarni milliy amaliyotga joriy etish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va mamlakatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muhim strategik bosqichdir.
Maʼlumot uchun: CITES Konvensiyasi (Yovvoyi fauna va floraning yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlari savdosi toʻgʻrisida) 1973-yilda imzolangan va 1975-yilda kuchga kirgan. Uning asosiy maqsadi – 40 000 dan ortiq yovvoyi turlar bilan xalqaro savdoning ularning yashab qolishiga tahdid solmasligini kafolatlashdir. Konvensiya 184 ta davlatni birlashtiradi. Oliy boshqaruv organi Tomonlar Konferensiyasi (CoP) boʻlib, u qaror qabul qilish uchun har uch yilda bir marta yigʻiladi.
Samarqanddagi CoP20 ushbu konferensiyaning yigirmanchisi boʻlib, Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor oʻtkazilmoqda.