Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va MARA texnologiya universiteti o‘rtasida biznes ta’limini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va MARA texnologiya universiteti o‘rtasida biznes ta’limini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi Oliy biznes maktabida Malayziya texnologiya universiteti (UiTM) Biznes va menejment fakulteti dekani, professor Firdaus Abdulla boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2025-yil 6-yanvar kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Malayziya texnologiya universiteti (UiTM) Biznes va menejment fakulteti dekani, professor Firdaus Abdulla boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Oliy maktab va MARA texnologiya universiteti vakillari biznes ta’limi sohasida hamkorlik istiqbollari, jumladan, Malayziya universiteti tajribasi asosida magistratura tinglovchilari uchun ta’lim dasturlarini takomillashtirish, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ushbu xorijiy universitetining yetakchi professor-o‘qituvchilari va ekspertlari ishtirokida qo‘shma ta’lim kurslari va biznes-tadbirlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Tadbirda tomonlar ikki nufuzli ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning boshlanishiga poydevor bo‘ladigan va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochadigan anglashuv memorandumi asosida kelgusidagi yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Mazkur hamkorlik biznes ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada faollashtirish, Oliy maktab tinglovchilari va MARA universiteti talabalari uchun tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bu esa o‘z navbatida ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga va O‘zbekistonning Malayziya bilan xalqaro hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.

Jumladan, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik innovatsion tadbirkorlik sohasida, qo‘shma o‘quv kurslarini tashkil etish, biznes sohasidagi ilmiy tadqiqotlarda faol ishlash, shuningdek, Malayziya va O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro ishbilarmonlik tadbirlariga ikki tomon professor va ekspertlarini jalb qilishni nazarda tutadi.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va MARA texnologiya universiteti o‘rtasida biznes ta’limini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi