Yangiliklar
“Rahbar ayollar maktabi” maxsus o‘quv kursilari ochilish marosimi o‘tkazildi

O‘zbekistonda ayollarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida bir necha yillardan buyon “Rahbar ayollar maktabi” maxsus o‘quv kurslari tashkil etib kelinmoqda.
Loyiha mamlakatimizda faoliyati ijobiy, tashabbuskor, o‘z sohasi bo‘yicha bilim, tajriba va yetarli ko‘nikmalarga ega yetakchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Joriy yilning 20-yanvar kuni ushbu o‘quv kurslarini ochilish marosimi “Yoshlar ijod saroyi”da bo‘lib o‘tdi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan dasturda Oliy Majlis aʼzolari, Prezident Administratsiyasi vakillari, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar masʼullari, o‘quv dasturi ishtirokchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda malakali boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish hamda ularni davlat boshqaruvida muhim qarorlar qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish masalalarining dolzarbligini ta’kidlashdi. Shuningdek, salohiyatli rahbar ayollar zaxirasini shakllantirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash zarurligi qayd etildi. Ushbu dasturning asosiy maqsad va vazifalari keng yoritildi.
Ushbu maxsus o‘quv kurslarining 4-mavsumi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida tashkil etilmoqda, bu tashabbus ayol rahbarlar malakasini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratib, yuqori kasbiy salohiyatga ega va innovatsion islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh rahbar ayollarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun: Davlatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-sonli farmonida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish belgilangan.
Maxsus o‘quv kurslarida yurtimiz bo‘ylab bir necha bosqichli tanlov asosida saralangan 100 nafar ayollar malakalarini oshirmoqda. Ular turli sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi mutaxassislar hamda ishbilarmon tadbirkorlar bo‘lib, kurs davomida o‘z salohiyatlarini yanada yuksaltirib mamlakatimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shadilar.
Ta’lim jarayoni yuqori malakali ekspertlar ishtirokida o‘tkaziladi hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini samarali qo‘llash va innovatsion yechimlarni amalga oshirish yo‘llarini o‘rgatadi.
