Yangiliklar
Oliy ta’limda xalqaro akkreditatsiya masalalari muhokama qilindi
18-09-2026 | 20
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining 14-15-sentabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan xalqaro seminar-treningda ishtirok etdi.
Seminarning birinchi kuni “Akkreditatsiyada barqarorlik: xalqaro tajriba va milliy standartlar” mavzusida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida, ikkinchi kuni esa Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarligi, ta’lim sifatini ta’minlash tizimini takomillashtirish, xalqaro akkreditatsiya standartlari va Yevropa sifat kafolati yondashuvlari masalalariga bag‘ishlandi.
Seminarda Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya va Portugaliyadan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar ishtirok etib, xalqaro akkreditatsiya amaliyoti va ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Xususan, Portugaliyaning A3ES agentligi vakillari - Boshqaruv kengashi prezidenti João Sàágua, Bosh kotibi Raquel Santos hamda sifatni baholash bo‘yicha maslahatchisi Luís Gouveia Portugaliyadagi akkreditatsiya tizimi, Yevropa sifat kafolati standartlari va xalqaro akkreditatsiya amaliyoti haqida ma’lumot berdi.
Seminar davomida olingan bilim va tajribalar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida akkreditatsiya jarayonlarini takomillashtirish, ta’lim sifatini ta’minlash va xalqaro standartlar asosida institutsional rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda foydali bo‘ladi.